O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Internet tarmog’ida mualliflik huquqi
2019-10-22 | Jamiyat
Аxborot tarqatish texnologiyalari rivojlangan bugungi zamonda aholi uchun zarur ma'lumotlarni ularga o'z vaqtida xolis, haqqoniy va ishonchli manbalar orqali yetkazish dolzarb sanaladi.
Ayniqsa, millionlab foydalanuvchilar uchun axborot makoni sanalgan Internetda ma’lumotlar almashinuvi daqiqa sayin yangilanishini inobatga olsak, ishonchli xabarni ajratib olish va uning asl manbasini aniqlash juda mushkuldir.
Qozog’iston Respublikasinig Nur-Sulton shahrida “Internet tarmog’ida mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish: muammolar va istiqbollar” mavzusida o’tkazilgan seminarda qator masalalar muhokama qilindi.
Seminarda BIMT, Yevropa, AQSh, Rossiya, Belorusiya, Ozarbayjon, O'zbekiston va Tojikiston davlat idoralari vakillari hamda intellektual mulk sohasidagi xalqaro ekspertlar ishtirok etdilar.
Ikki kunlik seminarning kun tartibida Internet qaroqchilik, raqamli muhitda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning huquqiy asoslari va fuqarolik huquqlari, mualliflik huquqini himoya qilish sohasidagi zamonaviy sud amaliyoti, mualliflik huquqini hurmat qilishni ta'minlash bo'yicha ixtiyoriy choralar, Internet-vositachilarning javobgarligi kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Seminarda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi vakili “O'zbekistonda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish to'g'risida” ma’ruza bilan qatnashdi.
Oybek Sayidumarov, Intellektual mulk sohasini tahlil qilish va rivojlantirish bo'limi bosh mutaxassisi:
— Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar buzilishining eng keng tarqalgan turlariga quyidagilarni kiritish mumkin: nusxa olish (kitoblar, maqolalar, kartinalarni qayta kơpaytirish); asarni tarqatish (ijara, sotuv, dasturiy ta'minotni ơrnatish va b.); ommaviy namoyish qilish; asarlarni konsert zallari, teatr kabilarda ommaviy ijro etish; uni radio, televidenie singarilar orqali efirga uzatish; asarni boshqa tillarga tarjima qilish; asarni qayta ishlash (plagiat). Bularning to’liq ro’yxatini keltirishning ham ilojisi yo’q. Nega desangiz, huquqbuzarlar zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda o’zlashtirishning yangidan-yangi yo’llarini topishmoqda. Qayd etish lozim, O’zbekistonda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi munosabatlar Fuqarolik kodeksi, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar tơg’risida"gi «Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma'lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to’g’risida"gi qonun va boshqa hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Albatta, bu kabi tadbirlarni o’tkazilishi xalqaro amaliyotni chuqur o’rganish va tajriba almashish orqali intellektual mulk sohasini huquqiy tartibga solish, mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilishning zamonaviy texnologiyalarini milliy sohaga tatbiq qilish imkoniyatini yaratadi.