“Open Andijan” I xalqaro investitsiya forumi ishtirokchi va mehmonlari Oʻzbekiston Shveysariyasi deb ataluvchi soʻlim Xonobod shahrida boʻlib, mamlakatimiz, xususan, Andijon viloyatining turistik imkoniyatlari bilan tanishdi.
Mehmonlar viloyat markazi va Xonobod shahri yoʻnalishida joylashgan Buloqboshi, Xoʻjaobod, Jalaquduq, Qoʻrgʻontepa tumanlari, Qorasuv shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini koʻrishdi.
Dengiz sathidan 750 metr balandlikda joylashgan Xonobod shahri oʻzining xushmanzara, goʻzal tabiati, salqin va kislorodga boy havosi bilan nafaqat yurtdoshlarimizni, balki xorijiy sayyohlarni ham rom etib keladi.
Prezidentimizning 2017-yilning 16-avgustdagi “2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida shaharda aholining koʻngilli dam olishi, turizmni rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada “Madalbekov”, “Andijon makro stroy”, “Elegant innovation” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan mehmonxona, dam olish maskanlari, shuningdek, “Xonobod” sihatgohi qurilib, ishga tushirildi.
Shaharning Istiqlol mahallasidagi 30 gektar adirlik hududida 2 mingdan ziyod dala-hovlilar qurilgani esa dam oluvchilar va sayyohlarga katta qulayliklar yaratadi.
Forum ishtirokchilari Xonobodning Xontogʻ adirliklaridagi dala-hovlilar barpo etilgan dam olish maskani hududida tashkil etilgan tadbirda qatnashib, Xonobod shahri, viloyatning turistik imkoniyatlari haqida keng maʼlumot oldi.
– Bugungi kunda viloyatda mahalliy va respublika ahamiyatiga molik 359 ta tarixiy va madaniy meros obyekti mavjud, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi B.Karimov. – Ulardan 115 tasi arxeologik, 70 tasi meʼmoriy yodgorlik, 96 tasi mahobatli sanʼat yodgorligi, haykallar boʻlib, 78 tasi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlardir.
Viloyatda 117 ta turistik obyekt mavjud. Ulardan tanlab olingan 9 ta obyekt boʻyicha turistik yoʻnalishlar ishlab chiqilgan. Shuningdek, bir vaqtning oʻzida 1,5 ming nafarga yaqin sayyohni qabul qilish imkoniga ega 20 dan ortiq mehmonxona mavjud. Ularning aksariyatida sayyohlar va xorijiy mehmonlarga xizmat koʻrsatish uchun zarur qulayliklar yaratilgan.
Tadbirda viloyat tadbirkorlari va xorijiy investorlar oʻrtasida Xonobodda amalga oshiriladigan yangi loyihalar, investitsiya kiritish, turizmni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi.
Bir soʻz bilan aytganda, oʻttizdan ortiq davlatlardan 350 nafarga yaqin investorlar qatnashgan “Open Andijan” I xalqaro investitsiya forumi samarali yakunlandi. Forum doirasida jami 405 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri 22 ta, shuningdek, 60 million AQSH dollariga teng boʻlgan 12 ta eksport shartnomasi imzolandi.
Faxriddin UBAYDULLAYEV, Zuhriddin UMURZOQOV (surat), OʻzA