Joriy yilning 16-noyabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida axborot texnologiyalari biznesi va yuqori texnologiyali tarmoqlarda tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirishga bagʻishlangan ItConf.Asia xalqaro forumi boʻlib oʻtadi.
Tadbirda dunyoning 15 mamlakatidan axborot texnologiyalari, tadbirkorlik, startaplarni yaratish va rivojlantirish sohalari boʻyicha 26 nafar mashhur mutaxassis chiqish qiladi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va AQSHning innovatsion tadbirkorlik boʻyicha nazariyotchi va amaliyotchilari maʼruza va tadqiqotlarini taqdim etadi.
Ular zamonaviy raqamli taʼlim, sunʼiy idrok, internet-tijorat va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish, marketing sohasida tajriba almashish masalalari boʻyicha oʻz qarashlari bilan boʻlishadi, yangi tashkil etilgan kompaniyalar sarmoyadorlar va investitsiyalar topishda duch keladigan muammolarni tahlil qiladi.
Toshkentdagi ItConf.Asia forumida mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar, Oʻzbekistondagi axborot texnologiyalari boʻyicha tadbirkorlar, davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar rahbarlari jam boʻladi.
Roman BONDARCHUK, OʻzA