O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birlashgan Arab Amirliklari ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan uch kunlik seminar o‘z yakuniga yetdi
2019-10-21 | Ta’lim
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Oliy ta’limni takomillashtirishda Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi strategik hamkorlik” mavzusida o‘tkazilgan uch kunlik o‘quv seminari o‘z yakuniga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklari ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu seminarda yurtimizning barcha OTMlarida faoliyat yurituvchi rahbar xodimlardan iborat yuzdan ortiq ishtirokchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, oliy ta’lim muassasalarini akkreditatsiyalash, oliy ta’limda innovatsion va tadbirkorlikka yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini joriy etish singari yo‘nalishlarda qiziqarli treninglarda qatnashdilar.
Seminarning tantanali yopilish marosimida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Sh.Sirojiddinov va BAAning eng nomdor ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan malakali mutaxassislar ishtirok etishdi. Seminar o‘z navbatida milliy OTMlarimizda mavjud ayrim muammolarga yechim topishga ham xizmat qildi va shu bilan birgalikda ta’lim muassasalariaro o‘zaro tajriba almashish imkonini berdi. Yakunda barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.