Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazida “Open Andijan” I xalqaro investitsiya forumi ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻz olgan Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari E.Gʻaniyev, Hindistonning Gujarat shtati bosh vaziri V.Rupani, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari I.Neʼmatov, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov va boshqalar tomonidan forumning maqsadi, ahamiyati, yurtimizda qulay investitsiya muhitini yaratish, mamlakatimiz hamda xorijiy ishbilarmon doiralar oʻrtasida investitsion hamkorlik koʻlamini kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.
- Investitsiya forumi mamlakatimiz tadbirkorlariga xorijlik investorlar bilan mustahkam aloqalar oʻrnatish imkonini beradi, - dedi Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov. – Qolaversa, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarish barobarida yuqori samaralar beradi.
“Open Andijan” I xalqaro investitsiya forumida Hindiston, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Germaniya, Belarus, Ruminiya, Ozarbayjon, Koreya, Eron, AQSH, Ukraina, Buyuk Britaniya singari 29 davlat delegatsiyalari ishtirok etayotganligi qayd etildi.
Forumning birinchi ish kunida Andijon viloyatining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, sayyohlik, toʻqimachilik, avtomobilsozlik hamda farmatsevtika sanoati yoʻnalishlaridagi salohiyati boʻyicha taqdimotlar oʻtkazilmoqda.
Asosiy tadbirdan soʻng forum ishtirokchilari Hindistonning Sharda universiteti Andijon filiali ochilishida ishtirok etdi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik doirasida Andijonda Sharda universitetining filialini tashkil etishga kelishilgan edi. Unga koʻra, ushbu nufuzli universitetning filialini tashkil etish uchun 100 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi belgilangan. Joriy yilda ushbu dargohga muhandislik, axborot texnologiyalari va biznes yoʻnalishlari boʻyicha 400 nafarga yaqin talaba qabul qilingan.
Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA