O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Elchisi Vyetnam Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
2019-10-21 | Siyosat
2019-yilning 16-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Elchisi (qarorgohi Jakarta shahrida) Ulugbek Rozukulov Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Nguen Fu Chongga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Rasmiy marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Vyetnam o‘rtasidagi munosabatlarni ikki tomonlama jihatdan va ko‘p tomonlama formatlarda yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vyetnam rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning kompleks rivojlanishiga, balki butun mintaqada o‘zaro ishonch va hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga ham xizmat qilishini qayd etdi.
Nguen Fu Chong savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmining oshayotganini, qishloq xo‘jaligi va akvamadaniyat sohalaridagi hamkorlikning rivojlanayotganligini mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Shu bilan birga, Prezidentning fikricha, Xanoy shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi hamkorlikning yanada ko‘proq yangi yo‘nalishlarini ochadi.
Suhbat so‘ngida Vyetnam rahbari O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga omad va farovonlik tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘radi.