O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari
2019-10-19 | Fan
2019-yil 18-oktabr kuni O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida “O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiya “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov ochib berdi. O‘zR FA prezidenti B.Yuldashev tabrik so‘ziga chiqib, konferensiya ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid tilning millat rivojidagi o‘rni masalasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zR FA akademigi T.Mirzayev ham tabrik so‘z bilan chiqish qildi.
Mazkur konferensiya respublikadagi yetakchi tilshunos olimlar, o‘zbek tilini o‘qitayotgan pedagog kadrlar va tilshunoslikka endi qadam qo‘ygan yosh mutaxassislarni jamladi.
Konferensiya ishi yalpi majlis va sho‘balar ko‘rinishida tashkil etildi. Unda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, o‘zbek tili vazifaviy uslublari taraqqiyoti, o‘zbek terminologiyasini tartibga solish muammolari, o‘zbek lug‘atchiligining taraqqiyot tamoyillari, o‘zbek shevalarining milliy-madaniy xususiyatlari, o‘zbek tili tarixi, o‘zbek badiiy uslubi rivojida shoir va yozuvchilarning o‘rni kabi masalalar muhokama qilindi.