Bugun poytaxtimizda “English Law Day in Tashkent” (“Toshkentda ingliz qonunchiligi kunlari”) xalqaro konferensiyasi davom etmoqda. Vazirlik va idoralar mutaxassislari, huquqshunoslar, ingliz huquqi sohasidagi milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etgan mazkur xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Konferensiyada xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga hamda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘mak beradigan huquqiy muhit yaratishda ingliz qonunlarini moslashtirish va qo‘llash imkoniyatlari, sud tizimining ingliz qonunlarini amalga oshirishdagi roli xususida so‘z bordi. Shuningdek, ekspertlar Qozog‘iston, BAA, Qatar va Singapurning ingliz qonunlarini qo‘llash borasidagi tajribasini taqdim etdilar. Asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasida ingliz huquqi normalari joriy etishning ahamiyatiga qaratildi.
Shuningdek, ingliz huquqidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xususan, ingliz huquqini xalqaro arbitraj bilan qo‘shilishi va singdirilishi bo‘yicha ish yuritishda qo‘llash, kontinental huquqqa ega mamlakatlarda ingliz huquqini joriy etishning dolzarb masalalari, xususan, bu sohada xorijiy mamlakatlar tajribasi va O‘zbekiston istiqbollari muhokama qilindi.
“Bugun anjumanda O‘zbekistondagi ingliz qonunchiligini amalga oshirish masalalari haqidagi bir nechta muhim jihatlar sanab o‘tildi. O‘ylaymanki, inglizlarning iqtisodiy huquqlari O‘zbekistonga investitsiya kiritish sohasida yaxshi yordam bera oladi. Asosiy maqsad O‘zbekistonda investorlar uchun qulay, huquqiy kafolatlangan iqtisodiy muhit yaratish. Bilishimcha, O‘zbekistonda allaqachon shartnoma huquqlari bor. Bu esa ma’lum bir moslashuvchanlikni beradi. O‘zbekiston huquqshunoslari uchun ingliz hamkasblari bilan o‘tkaziladigan seminar, treninglarni juda ahamiyatli va mamlakat rivojiga katta hissa qo‘shadi. Umid qilamanki shu yo‘l bilan O‘zbekistonga ko‘proq invsetorlarni jalb qilish imkoni bo‘ladi, deydi Saymon Kox, “Norton Rose Fulbright” xalqaro yuridik firmasi yuristi.
Konferensiya yakuni bo‘yicha O‘zbekiston hududida ingliz huquqi normalarini joriy etish istiqbollarini ko‘zda tutuvchi takliflar ishlab chiqiladi.
Inobat Ahatova, O‘zA