O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Malayziya TIV delegatsiyasi bilan uchrashuv
2019-10-18 | Siyosat
2019-yilning 18-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Malayziya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marzuki Yahya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat chog‘ida turli sohalardagi O‘zbekiston – Malayziya munosabatlarining hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Hamkorlik kun tartibini tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalardagi aniq tashabbuslar va loyihalar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratilishi tasdiqlandi.
Shu jihatdan 15-oktabrda Toshkent shahrida Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE) bilan birgalikda o‘tkazilgan biznes-forum yakunlari yuqori baholandi. Jumladan, O‘zbekistonda MATRADEning vakolatxonasi ochilishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralarida savdo-iqtisodiy, investitsion aloqalarni kengaytirishga qiziqish ortayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuvda turistik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolar uchun 30 kunga o‘zaro vizasiz rejimning joriy qilinishi ikki yo‘nalishda turistlar oqimining oshishiga imkoniyat yaratishi ta’kidlandi.
Ikki mamlakatning tegishli tashkilot va muassasalari o‘rtasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini tashkillashtirish va amalga oshirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda Malayziya Elchisi Hendi Assan ishtirok etdi.