O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Osiyo kinokomissiya uyushmasiga aʼzo boʻldi
2019-10-18 | Madaniyat
Janubiy Koreyada boʻlib oʻtgan Pusan XXIV Xalqaro kinofestivali doirasida Oʻzbekiston rasman Osiyo kinokomissiya uyushmasiga aʼzo boʻldi.
Joriy yilda Osiyo kinobozorida birinchi marta Oʻzbekiston milliy stendi namoyish etildi. Milliy stend Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Yoshlar ittifoqi va mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi qoʻllab-quvvatlashi asosida tashkil etildi. Milliy stend xalqaro kinoloyihalar uchun Oʻzbekistonning salohiyatini namoyish etdi. Xususan, Pusan kinofestivali doirasida mehmonlar va ishtirokchilar filmlar syomkalari uchun Oʻzbekistondagi lokatsiyalar bilan tanishib, “rebate” tizimi haqida batafsil maʼlumot olishdi.
Oʻzbekistonning Osiyo kinokomissiya uyushmasiga aʼzo boʻlish marosimi mazkur tashkilotning har yili oʻtkaziluvchi Bosh Assambleyasi doirasida boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning Osiyo kinokomissiya uyushmasiga rasmiy ravishda aʼzo boʻlgan kunidan eʼtiboran u mamlakatimizning xalqaro kinobozordagi targʻibot ishlari bilan shugʻullanadi. Har oyda Oʻzbekiston kino lokatsiyalari haqidagi maʼlumotlar axborot resurslari orqali butun dunyoga tarqatiladi. Shuningdek, uyushma dunyoning eng yaxshi lokeyshn-menejerlari bilan tashkil etuvchi lokeyshn-turlar ham muhim tadbirlardan hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, Osiyo kinokomissiya uyushmasiga 18 mamlakatning 59 tashkiloti (kinokomissiyalar va kinostudiyalari) kiradi. Uyushma oʻz aʼzolarining xalqaro bozordagi targʻiboti bilan shugʻullanadi (masalan, London, Los-Anjeles va Gonkongda targʻib qiladi). Osiyo kinokomissiya uyushmasi tarkibidan Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Janubiy Koreya, Iordaniya, Yangi Zelandiya kabi davlatlar kiradi.