O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijdan olib kirilgan zararlangan ko‘chatlar yo‘q qilindi
2019-10-17 | Ekologiya
Latviya davlatidan respublikamizga “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali olib kirilayotgan 28 dona 5 845 604,8 so‘m qiymatidagi manzarali ko‘chatlardan olingan namunalar “O‘zdavkarantin” inspeksiyasining markaziy laboratoriyasida tekshirilganida ushbu o‘simlik mahsulotlari zararkunanda hasharotlar bilan zararlanganligi aniqlandi.
So‘ngra ko‘chatlarga nisbatan kimyoviy zararsizlantirish ishlari amalga oshirildi. Biroq zararsizlantirish tadbirlari ham ta’sir etmaganidan so‘ng, o‘simliklar karantini inspektori A.Abdulazizov, bojxona kapitani Sh.Hamroqulov va ekologik nazorat inspektori O.Turobov tomonidan ushbu ko‘chatlar o‘rnatilgan tartibda yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.
Eslatib o‘tamiz, xorijdan import qilinayotgan karantin ostidagi mahsulotlardagi zararli organizmlar respublikamiz hududida tarqalib ketishining oldini olish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida 323 tonna, 10,25 mln. dona va 1317 m.kub miqdorida respublikamizga olib kirilayotgan o‘simlik mahsulotlarida zararli organizmlar aniqlanganligi sababli chegara maskanlaridan qaytarib yuborilgan. Qaytarib yuborishning imkoni bo‘lmagan 3,1 mln. dona zararlangan ko‘chatlar esa yoqish yo‘li bilan tegishli tartibda yo‘q qilingan.