O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vaziri ingliz yuridik kompaniyalarini O‘zbekistonda vakolatxona ochishga chaqirdi
2019-10-17 | Jamiyat
Toshkent shahrida «English Law Day in Tashkent» («Toshkentda ingliz huquqi») xalqaro konferentsiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan Adliya vaziri Ruslan Davletov xorijlik huquq vakillariga advokatura sohasida olib borilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
«Ko‘p advokatlar tomonidan davlat organlari ularning faoliyatiga aralashishi bo‘yicha shikoyatlar bo‘lgan. Ko‘p shikoyatlar o‘rinli ham bo‘lgan. O‘tgan yili Adliya vazirligi advokatura sohasida ko‘plab vakolatlaridan voz kechdi. Bulardan misol qilib, advokat litsenziyasini bekor qilishdir. Bu huquqni biz sudlarga berdik. Jarayon yanada murakkablashdi. Avvalari Adliya vazirligining hududiy boshqarmalari ham shunday vakolatga ega edi. Ayni vaqtda bu Oliy malaka komissiyasining xulosasi asosida ochiq sud majlisida tashkil etiladi», - deya Adliya vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazir o‘z chiqishida advokatlar va huquqiy konsultatsiya sohalari ikki tarmoqqa ajratilgani haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Huquqiy konsultatsiya berish borasida litsenziya tartibi bekor qilindi. Endi konsultatsiya berishda litsenziya olinishi shart emas, Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tish kifoya. Buning uchun minimal talablar qo‘yilgan. Bu ishlar darrov samarasini berdi. Xitoy, AQSh, Rossiya yuridik kompaniyalari o‘z ofislarini ochishdi. Misol qilib, Duan & Duan, Yingke, White and Case, Dentons kabi xalqaro yuridik kompaniyalarni aytish mumkin.
Biz ingliz do‘stlarimizni ham O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishga chorlab qolamiz. O‘zbekiston ochilishda davom etmoqda. Soha bo‘yicha mamlakatda katta salohiyat mavjud», - deydi vazir.