O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ozarboyjon Turizm asssotsiatsiyasi bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi
2019-10-17 | Turizm
Baku shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Ozarboyjon Turizm asssotsiatsiyasi (AZTA) oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjat Ozarboyjon Turizm assotsiatsiyasi rahbari Nahid Bagirov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov tomonidan imzolandi. Hamkorlik memorandumi Oʻzbekiston va Ozarboyjon oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik, xususan, ikki tomonlama turistik sayohatlarni tashkil qilish, qoʻshma turizm mahsulotlarini yaratish va qoʻllash, shuningdek sayyohlar oqimini taʼminlash maqsadida turistik salohiyatini faol targʻib qilishni koʻzda tutadi.
“Maqsad – eng avvalo ikki mamlakat oʻrtasidagi turistlar oqimini oshirish va sayyohlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish. Shu bilan birga, Ozarboyjon tomon bilan qoʻshma tadbirlar – seminar, konferensiya, koʻrgazma va info-turlar tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Bundan tashqari, hujjat qoʻshma turizm marshrutlarini ishlab chiqish hamda kadrlar tayyorlash masalasida oʻzaro tajriba almashishni koʻzda tutadi”, - dedi Ulugʻbek Aʼzamov.
Shuningdek, Ozarboyjon tomon ham bu borada oʻz izohi bilan boʻlishdi.
“Bakuda oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti doirasida memorandumning imzolanishi biz uchun muhim ahamiyatga ega. Ozarboyjon Turizm assotsiatsiyasi butun dunyoda, shu jumladan qoʻshni davlatlarda ham mamlakat turistik salohiyati targʻibotini kengaytirishda davom etadi. Ishonchimiz komilki, Hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshiriladigan ishlar natijasida biz ikki mamlakatga sayohat qiluvchi turistlar oqimini oshirishga erishamiz”, - deydi Nahid Bagirov.
Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov Ozarboyjon Turizm davlat agentligi rahbari Fuad Nagiyev bilan ham uchrashib, tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.