O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tomchilatib sug‘orish joriy etilgan maydonda paxtadan yuqori hosil olindi
2019-10-17 | Texnologiyalar
Farg‘ona tumanidagi “Chimyon shuhrati” fermer xo‘jaligi joriy yilda 60 gektar maydonda paxta yetishtirdi. Shundan 20 gektarida tomchilatib sug‘orish usulini sinab ko‘rdi. Aynan tomchilatib sug‘orish usuli qo‘llanilgan maydondan hosildorlik yuqori bo‘ldi. Fermer xo‘jaligi birinchi terimning o‘zidayoq rejani oshig‘i bilan uddaladi.
- O‘tgan yili xuddi shu maydonga g‘o‘za ekib, gektariga 18 sentnerdan hosil olgan edik. Bu yil birinchi terimning o‘zidayoq hosildorlik 40 sentnerdan oshdi. Ikkinchi terimdan so‘ng gektariga 50 sentnerga chiqdi. Endi ochilayotgan ko‘saklar hisobiga hosil cho‘g‘i yana oshadi - deydi “Chimyon shuhrati” fermer xo‘jaligi rahbari Shavkat Qayumov. - Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi orqali oldingidan ikki hatto uch baravar ko‘p hosil olish mumkinligini o‘z yerimda sinovdan o‘tkazdim. Bu yil birinchi marta bo‘lgani uchun tajriba to‘pladik. Keyingi yillarda xirmonimiz bundanda yuksalishiga ishonch hosil qildim.
Fermer 2020-yilda yana 24 gektar maydonga tomchilatib sug‘orishni joriy etishni mo‘ljallamoqda. Shu maqsadda zamonaviy texnologiyani ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan shartnoma tuzib qo‘ydi.