O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasining Interpol Bosh Assambleyasining 88-sessiyasida ishtiroki yuzasidan
2019-10-17 | Xavfsizlik sohasi
Joriy yilning 15-oktabr kuni Chili poytaxti Santyago shahrida Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol) Bosh Assambleyasining 88-sessiyasi o‘z ishini boshladi.
Sessiya ishida 173 ta Interpolga a’zo davlatlarning 1000 dan ortiq vakillari, shu jumladan 32 nafar politsiya organlari rahbarlari va 25 nafar ichki ishlar vazirlari qatnashmoqdalar.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari A. Tashpulatov, O‘zbekistondagi Interpol Milliy markaziy byurosi mudiri R.Isroilov va boshqa mas’ul xodimlar respublika delegatsiyasi tarkibida ishtirok etmoqdalar.
Sessiyaning ochilish marosimida Chili Respublikasining Prezidenti Sebastyan Pinera tabrik nutqi bilan so‘zga chiqdi.
Uchrashuv doirasida Interpolning asosiy vazifalari va funktsiyalarini muhokama qilish, tashkilotning faoliyati to‘g‘risida Rezolyutsiya qabul qilish, Bosh Assambleya tomonidan bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot eshitish, Ijroiya qo‘mitasi va Bosh kotib saylovlarini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, ushbu tadbir doirasida vazirlik delegatsiyasining Rossiya, Koreya, Turkiya, Afg‘oniston va Ozarbayjon ichki ishlar vazirliklari va politsiya vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari rejalashlashtirilgan. Ushbu muzokaralarda tomonlar uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, terrorizm, noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishlarida hamkorlikning holati va istiqbollari hamda boshqa dolzarb masalalarni muhokama qiladilar.
Interpol Bosh Assambleyasining 88-sessiyasi joriy yilning 18-oktabrga qadar davom etadi.