Fargʻona shahridagi Tadbirkorlar markazida Oʻzbekiston – Koreya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda Janubiy Koreyaning Xvason shahridagi yirik kompaniyalar vakillari va mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.
Koreya Oʻzbekistonning ishonchli savdo va investitsiyaviy sheriklaridan biri. Mamlakatlarimiz oʻrtasida mustahkam savdo hamkorligi oʻrnatilgan boʻlib, hududlararo hamkorlik ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Xususan, bugungi kunda Fargʻona viloyatida koreyalik ishbilarmonlar sarmoyasi ishtirokida 30 dan ziyod qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Fargʻona viloyati va “Incheon” erkin iqtisodiy zonasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. 2019-2020-yillarda Janubiy Koreya investitsiyalari hisobidan viloyatda qariyb 239,4 million dollarlik 10 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ayni kunlarda barcha sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur delegatsiyaning tashrifidan maqsad ham Fargʻona viloyati va Xvason shahri oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan iborat. Delegatsiya tarkibida avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kosmetika kabi sohalarda faoliyat koʻrsatayotgan ishbilarmon doiralar vakillari bor.
Biznes-forumda Oʻzbekistonda, xususan, viloyatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati haqida maʼlumot berildi. Fargʻona viloyati va Xvason shahri Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha memorandum imzolandi.
Mehmonlar viloyat hokimining oʻrinbosari M.Abdurahmonov bilan uchrashdi. Viloyat hokimligining qabullar uyida boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik koʻlami yanada kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi. Xususan, viloyatda qurilish, toʻqimachilik, axborot texnologiyalari, tibbiyot, taʼlim sohalarida ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti koreyalik ishbilarmonlarni tobora oʻziga jalb qilmoqda. Uchrashuvda Janubiy Koreyaning Xvason shahri savdo-sanoat palatasi raisi Pak Sung Kven nufuzli kompaniyalar, ishbilarmonlar Fargʻona viloyatida yangi yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqchi ekanini bildirdi. Xususan, “Dongbang B&H Co.,Ltd”, “Kumkang Transformers”, “Taesung Metal”, “HANSIN E&C Group” kabi kompaniyalar loyihalari yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Shuningdek, mehmonlar Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti, “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishdi.
M.SULAYMONOV, OʻzA