O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Zamonaviy harbiy mojarolar xalqaro ekspertlar muhokamasida

2019-10-16 | Xavfsizlik sohasi

Zamonaviy harbiy mojarolar: mazmun va olingan saboqlar. Toshkentda shu mavzuda ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida YXHT shafeligida tashkil etilgan mazkur anjumanda Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Hindiston, Xitoy va Qozogʻiston oliy harbiy taʼlim muassasalari vakillari, BMT, YXHT, NATO, YUNISEF. MDH, SHHT, Xalqaro Qizil xoch, Jorj Marshall nomidagi Yevropa xavfsizlik masalalarini oʻrganish markazi, AQSH milliy mudofaa universiteti qoshidagi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi ekspertlari ishtirok etdi.
 
Tadbirning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov, YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor soʻzga chiqdi.
 
– Oʻzbekiston koʻp tomonlama hamkorlikka asoslangan va, eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan faol tashqi siyosat olib bormoqda, – dedi B.Qurbonov. – Mamlakatimizning xalqaro maydondagi ustuvor maqsadlari ichida jamiyat farovonligi va hayot darajasini oshirishga qaratilgan tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash birlamchi ahamiyat kasb etadi.
 
Mamlakatimiz xalqaro terrorizmga qarshi kurashning huquqiy asoslarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi. Shu bilan birga Oʻzbekiston harbiy mojarolarni tinch yoʻl bilan hal qilish tarafdori.
 
Anjuman yalpi majlisi kun tartibidan zamonaviy harbiy mojarolar va kelajak urushlarining mohiyati va oʻziga xos xususiyatlari, Afgʻoniston, Yaqin Sharq va Koreya yarim orolidagi vaziyat hamda Oʻzbekistonning harbiy mojarolar oldini olish boʻyicha tashabbuslariga oid masalalar oʻrin oldi.
 
Bugungi kunda jahondagi harbiy siyosiy vaziyat murakkab xarakterga ega boʻlib, geostrategik qayta shakllanish jarayoni faollashishi hamda mintaqaviy, global xavfsizlikning yangi tizimi oʻrnatilishi taʼsirida rivojlanmoqda. Xalqaro hamjamiyat harbiy mojarolarni bartaraf etishning taʼsirchan formulasini topishga urinmoqda.
 
Ishtirokchilarning qayd etishicha, jahonda tinchlik oʻrnatish tartibining yangi modeli, global va mintaqaviy xavfsizlik tizimlarini shakllantirish jarayoni hanuz davom etmoqda. Ayni jarayonda dunyoning AQSH (717 milliard dollar), Xitoy (250 milliard dollar), Rossiya (70 milliard dollar), Pokiston (11 milliard dollar) kabi davlatlari harbiy xarajatlari miqdori ham oshib bormoqda.
 
Yana bir muhim masala borki, bu global tinchlikning tarkibiy qismi boʻlgan mintaqaviy barqarorlikdir. Bugungi kunda Yaqin Sharq va Koreya yarim oroli, Afgʻoniston kabi qaynoq nuqtalardagi vaziyatni tinchlik sari yoʻnaltirishda jahon mamlakatlari BMT doirasida yangi tashabbuslarni ilgari surishlari lozim.
 
Xorijiy ekspertlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston hukumatining Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikni jadal rivojlantirish, Afgʻonistonda vaziyatni yaxshilash, xalqaro terrorizmga qarshi kurash hamda Orolboʻyi mintaqasi ekologiyasini tiklash boʻyicha tashabbuslari ibratga loyiq.
 
Yalpi majlisdan soʻng anjuman oʻz ishini tegishli yoʻnalishlar boʻyicha shoʻbalarda davom ettirdi.
 

Malohat HUSANOVA, OʻzA

Поделиться