O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda birinchi vaqf mehmonxonasi ochilishi bo’lib o’tdi
2019-10-15 | Siyosat
Surxondaryo viloyatida joylashgan Hakim Termiziy ziyoratgohi yaqinida faoliyati ziyorat turizmini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan yangi mehmonxonaning ochilish marosimi oʻtkazildi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ushbu vaqf mehmonxonasini ochib berdi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi axborot xizmati xabariga koʻra, yangi mehmonxonada ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarga ega shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, zamonaviy uslubda jihozlanganligi qayd etildi.
Mazkur mehmonxona 70 oʻringa ega boʻlib, yuqori xizmat koʻrsatuvchi qulayliklarga ega lyuks hamda yarim lyuks xonalarni oʻz ichiga oladi. Mehmonxona hududida bir choyxona va bir restoran mavjud, bu esa ham dam oluvchilar, ham yoʻlovchilar uchun xohlagan vaqtda kelib tanovul qilish imkoniyatini yaratadi. Mehmonxonaning Toshkent-Termiz xalqaro magistral yoʻlining yaqinida joylashganligi Iso Termiziy, Sulton Saodat, Kampirtepa, Fayoztepa hamda Hakim Termiziy ziyoratgoh va tarixiy yodgorliklariga tezda yetib olish imkonini beradi. Mehmonxonaning ochilish marosimida viloyatdagi 30 nafar nogironligi bo'lgan kishilarga nogironlik aravachalari topshirildi.
Vaqf mehmonxonasida musulmon sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida har bir xonaga Qurʼoni karim, joynamoz qoʻyilishi va Qibla koʻrsatgichi oʻrnatilishi rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, kelgusida mehmonxonani halol standartiga mos holatga keltirish koʻzda tutilgan. Mehmonxona faoliyatidan kelib tushgan mablagʻlar vaqf mulklarini tasarruf etish hamda xayriya maqsadlari uchun ishlatiladi.