O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ochiq shikoyatga munosabat
2019-10-15 | Jamiyat
2019-yilning 12-oktabr kuni “Dunyouzbeklari.com” internet tarmog’iga joylashtirilgan “Hech kim avariya bo’lay deb yo’lga chiqmaydi” sarlavhali shikoyat xati o’rganib chiqildi.
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ma’lumotiga ko’ra, joriy yilning 8-sentabr kuni soat taxminan 14:30larda shikoyat muallifi S.Yuldashev boshqaruvidagi davlat raqami 01 T 606 KA bo’lgan “Epika” rusumli avtotransport Qashqadaryo viloyati Yakkabog’ tumanining Amir Temur ko’chasi hamda “Shahrisabz-Qarshi 4R79” yo’llarining kesishgan chorrahasida svetaforning qizil chirog’iga to’xtab turgan davlat raqami 70 R 351 NA bo’lgan “Lasetti” rusumli avtomashinaning orqa qismiga urilib, yo’l-transport hodisasini sodir etgan.
Haydovchilar O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 137-moddasida ko’rsatilgan talabni buzgan holda voqea sodir etilgan joydan ketib qolishgan.
Mazkur holat yuzasidan hodisa joyga yuborilgan yo’l-patrul xizmati xodimlari qoidabuzarlarni tumandagi “O’z” qishlog’i hududida joylashgan avto ta’mirlash ustaxonasida bo’lganliklarini hamda yuqorida ko’rsatilgan ikkita avtotransport vositasi texnik shikastlangan holatda ekanligini aniqlaganlar.
Shundan so’ng ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari amalga oshirilgan. O’z navbatida S.Yuldashev o’z xizmat burchini bajarayotgan xodimlarga faol qarshilik ko’rsatib, ularni haqoratlab, jamiyatda yurish-turish qoidalariga nomunosib xatti-harakatlar sodir etgan. Shu o’rinda S.Yuldashevning “mastlik holati”da bo’lganligi Yakkabog’ tumani narkologiya dispanserining xulosasi bilan tasdiqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Natijalari o’rnatilgan tartibda yo’l-transport hodisasi ishtirokchilariga etkaziladi.
Aytib o’tish joizki, “Yo’l harakati qoidalari”ga zid ravishda hodisa sodir etilgan joyni o’zboshimchalik bilan tashlab ketish, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo’ysunmaslik, ularni haqorat qilish kabi harakatlar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Ichki ishlar vazirligi fuqarolarimizdan “Yo’l harakati qoidalari”ga qat’iy rioya etishlarini hamda o’z xizmat burchini bajarayotgan xodimlarga nisbatan hurmatda bo’lishlarini so’rab qoladi.