O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Sh.Mustafayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-10-15 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 14-oktabr kuni Boku shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Sh.Mustafayev bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlarni umumiy faollashtirish muhitida iqtisodiy hamkorlikning asosiy masalalari muhokama etildi. Tomonlar fikricha, hozirgi vaqtda savdo aylanmasi hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bunga hususan, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishlab chiqarish mahsulotlarining savdo munosabatlariga o‘zaro qo‘shimcha preferentsiyalarni joriy etish hisobiga ham erishish mumkin.
Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini jadallashtirish masalalari alohida muhokama etildi. Bu borada geologiya-qidiruv ishlari, neft-gaz sektori jihozlari, avtomobil, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qimmatbaho metallarni qayta ishlash va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, ijtimoiy soha va turizm ob'yektlarini qurish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalariga e’tibor qaratish taklif etildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, hamkorlikning belgilab olingan yo‘nalishlari bo‘yicha ikki davlatning vazirlik va tarmoq idoralari sa’y-harakatini o‘zaro muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.