O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Alibaba hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi
2019-10-14 | Texnologiyalar
2019-yilning 13-oktabr kuni IT-Parkda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Хitoyning Alibaba Strategik hamkorlik markazining ilmiy tatqiqotlar instituti Bosh kotibi, Sin Cheng bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdan asosiy maqsad Xitoyning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik ishlarini yanada kengaytirishga qaratilgan.
Unda tomonlar o‘zaro kooperatsiyaga katta qiziqish bildirib, kelgusi hamkorlik bo‘yicha fikr almashdilar. Uchrashuvda elektron tijoratni rivojlantirish, B2B onlayn platformani yaratish (marketpleys), axborot texnologiyalari sohasida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ulkan salohiyat mavjudligi hamda bu borada barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan, AKT masalalarida tajriba almashish, hamkorlikni kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun:
Alibaba — Internet-savdo va elektron tijorat sohasi bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir. Kompaniya Alibaba Group kompaniyalar guruhiga kiradi va Nyu-York fond birjasida savdo qiladi. Birjada aksiyalarni ilk marotaba ommaviy joylashtirish tarixiy voqea bo‘lgan va rekord o‘rnatilgan — Alibaba Group ning qimmatli qog‘ozlari 25 milliard AQSH dollariga sotilgan. Bugungi kunda Alibaba Group kapitalizatsiyasi 500 milliard AQSH dollaridan oshadi.