Qarshi shahrida erkaklar o‘rtasida tennis bo‘yicha "Fyuchers" turnirining hal qiluvchi o‘yinida iqtidorli tennischimiz Humoyun Sultonov qozog‘istonlik Beibit Jukaevga qarshi kortga chiqdi.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro tennis federatsiyasi va mamlakatimiz tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu musobaqada vakillarimizdan tashqari, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Gruziya, Ukraina kabi davlatlardan kelgan tennischilar o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqaning yakkalik bahslarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan Humoyun Sultonov dastlab belaruslik Aleksandr Lianenkani ikkinchi davrada, yosh tennischimiz Olimjon Nabiev chorak finalda qozog‘istonlik Timur Xabibulinni va yarim finalda rus tennischisi Aleksander Igoshinni mag‘lubiyatga uchratib finalga yo‘l oldi.
So‘nggi hal qiluvchi uchrashuvda Humoyun qozog‘istonlik Beibit Jukaevga qarshi kortga chiqdi va 6:2, 6:1 hisobida zafar quchdi. Unga bu g‘alaba musobaqa bosh sovrinini taqdim etdi.
Musobaqaning juftlik bahslarida hamyurtimiz Sanjar Fayziev va qozog‘istonlik Timur Xabibulin g‘alabaga erishdi. Ular bosh sovrin uchun o‘tgan o‘yinda Humoyun Sultonov hamda rossiyalik Anton Chexov tandemini 7:6, 6:4 hisobida mag‘lub etdi.
Shu tariqa Qarshi shahrida o‘tgan musobaqani muvaffaqiyatli yakunlagan tennischilarimiz endi, shu hafta davomida Buxoro shahridagi “Dilkusho” tennis majmuasida o‘tadigan “Fyuchers” turkumiga kiruvchi turnirga yo‘l oladi.
Shuningdek, mazkur musobaqada Humoyun Sultonov va Sanjar Fayzievdan tashqari, 20 nafarga yaqin tennischimiz ishtirok etadi.
Javohir TOShXO‘JAEV, O‘zA