O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-10-14 | Iqtisodiyot
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Vazirlik va idoralar ekspertlari hamda mutaxassislarini jalb etgan holda o‘tkazilgan tadbirda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishning borishi muhokama qilindi. Vakolatxona rahbari S.Malvichini tomonidan O‘zbekistondagi joriy loyihalari doirasida OTB ning ssuda mablag‘lari hisobidan pul ajratish sur’atiga ijobiy baho berildi va o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar o‘sish kuzatilgani qayd etildi.
Loyihalar portfelini ko‘zdan kechirish chog‘ida umumiy tashabbuslarni amalga oshirishdagi yutuqlar, jalb etiladigan mablag‘larni o‘zlashtirish prognozining bajarilishini ta’minlovchi mavjud masalalar va ularni hal etish yo‘llari ko‘rib chiqildi. Mazkur loyihalarning tashabbuskorlariga tender hujjatlarini tayyorlash va tender tadbirlarini o‘tkazish, maslahatchi va pudratchilarni yollash hamda xarid tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda respublikamizda OTB ishtirokida umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga teng 25 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bank imtiyozli kreditlar ajratilishining yillik prognozi 587,0 mln.dollarga teng. Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida faol portfel doirasida amalga oshirilayotgan OTB loyihalari bo‘yicha bankning ssuda mablag‘lari hisobidan pul ajratish 470,5 mln.dollar yoki yillik prognozga nisbatan 80,2 %, shuningdek, 2019-yilning 1-yanvar holatidagi qoldiqqa nisbatan 16,9 % ni tashkil etgan.