O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi ishi yakunlandi
2019-10-14 | Siyosat
Oliy Majlis Senati a’zolari yigirma uchinchi yalpi majlis kun tartibi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini muhokama qildilar.
Oliy Majlis Senatining joriy yil 21-iyundagi tegishli qarori bilan bu parlament so‘rovi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborildi. So‘rovga 2019- yil 20-avgustda berilgan batafsil javobda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilganligi qayd etilmoqda. Jumladan, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda akademik litseylarda ilg‘or pedagogika texnologiyalari asosida o‘qitishni tashkil etish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, mazkur ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlandi. Ushbu hujjatda belgilangan maqsadli vazifalarda O‘zbekiston Respublikasining bitta Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bir nechta qarorlari hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilgan.
So‘ngra senatorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta’minlash masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar.
Oliy Majlis Senatining joriy yil 4 maydagi tegishli qarori bilan ushbu parlament so‘rovi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborildi.
2019-yil 3-avgustda berilgan batafsil javobda mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar qayd etildi. Xususan, parlament so‘rovida bayon etilgan talablarni bajarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasi, shu jumladan aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishining, yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishining oldini olish tadbirlari tasdiqlandi. Ularning o‘z vaqtida ijro etilishi nazorat ostiga olindi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini ko‘rib chiqdilar hamda tasdiqladilar.
So‘ngra Oliy Majlis Senati a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar, uning yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi chog‘ida 31 ta masala, shu jumladan 19 ta qonun, Vazirlar Mahkamasiga oid 4 ta parlament so‘rovi ko‘rib chiqildi.
Yigirma uchinchi yalpi majlis faoliyati birinchi marta onlayn rejimda Oliy Majlis Senatining rasmiy sayti orqali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida translyatsiya qilindi. Yalpi majlisni yoritish uchun Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati tomonidan mamlakatimiz va xorij ommaviy axborot vositalarining 130 nafardan ziyod vakili akkreditatsiya qilindi.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari demokratik islohotlar va yangilanishlarni izchil amalga oshirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligi ta’kidlandi. Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan parlament, deputatlar va jamoachililik nazorati yanada kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.