O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-10-14 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatda aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilash, shu maqsadda grantlar, texnik koʻmak va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini (keyingi oʻrinlarda – grantlar) faol jalb etish, Oʻzbekiston Respublikasiga begʻaraz yordam berayotgan xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy hukumat hamda nohukumat tashkilotlari, chet el kompaniyalari, tashkilotlari va jamgʻarmalari (keyingi oʻrinlarda – donorlar) bilan yaqin sheriklik munosabatlari oʻrnatish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, donorlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish, tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirish monitoringi, shuningdek, ularning maqsadli koʻrsatkichlariga erishishni nazorat qilish tizimining yetarli darajada emasligi jalb etilayotgan grantlarning hajmlarini oshirish va ulardan samarali foydalanish imkonini bermayapti.

Tashqi begʻaraz koʻmakni jalb qilish va oʻzlashtirish tizimini yanada takomillashtirish, sohada olib borilayotgan ishlarning milliy manfaatlar va ustuvorliklar bilan uygʻunligini taʼminlash, grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish, monitoring qilish va hisobga olishning yagona tizimini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasining donorlar bilan hamkorlik qilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar grantlardan samarali foydalanish kompleks tizimini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni birgalikda amalga oshirish va natijadorligini baholash, aniq sohalarning ixtisoslashuvini hisobga olgan holda ushbu sektorlardagi tartib-taomillarni uygʻunlashtirish va saʼy-harakatlarni birlashtirish masalalari yuzasidan donorlar bilan doimiy muloqotning barqaror platformasini shakllantirish;

iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaga grantlarni jalb etish boʻyicha mavjud imkoniyatlar va ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish, donorlik salohiyatiga ega boʻlgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va oʻzaro yaqin aloqalar oʻrnatish;

tegishli iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishda jalb etilayotgan grantlarning mamlakat manfaatlari va milliy ustuvorliklar bilan uygʻunligini taʼminlash;

grantlarni jalb etish va ulardan samarali foydalanishni tashkil qilish uchun davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda mansabdor shaxslarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish, grantlardan maqsadsiz foydalanishning oldini olish boʻyicha davlat moliya nazorati organlarining profilaktika ishlarini kuchaytirish;

grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning muddatlariga rioya qilish va kutilayotgan amaliy natijalarga erishish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda parlamentning hamda fuqarolik jamiyati institutlari rolini, shuningdek, fuqarolarning ishtirokini kengaytirish;

jalb etilayotgan grantlarni muvofiqlashtirish boʻyicha yagona axborot tizimini tashkil qilish, tashqi begʻaraz koʻmak yoʻnalishlarini va qoʻllanish sohalarini tahlil qilish usullarini avtomatlashtirgan holda, ushbu loyihalarni elektron hisobga olish va hisobini yuritish uchun shart-sharoitlar yaratish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) grantlar hisobidan moliyalashtirish taklif etilayotgan loyiha tashabbuslarini ishlab chiqish, dastlabki saralash va kelishish jarayonlarini muvofiqlashtirish, tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini hisobga olish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilishni taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasining donorlar bilan hamkorligini rivojlantirish va samaradorligini oshirish borasida takliflar ishlab chiqish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.

3. Belgilansinki:

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (keyingi oʻrinlarda – loyiha tashabbuskorlari) bir loyiha boʻyicha qiymati 100 ming AQSH dollari va undan koʻproq boʻlgan grantlarni Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish va donorlar bilan hamkorlik qilish dasturlariga (keyingi oʻrinlarda – Dasturlar) kiritgan holda jalb etadi;

Dasturlar 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davlat dasturlarini, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarni, Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturlarini, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish dasturlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlarini hisobga olgan holda Vazirlik tomonidan shakllantiriladi;

Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari bilan birgalikda tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli xorijiy donorlarni jalb etishda Vazirlik, loyiha tashabbuskorlari, tarmoqlar va hududlarga yordam beradi;

loyiha tashabbuskorlari oʻzlariga taalluqli qismida tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarining oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, ularning Dasturlarga kiritilishi uchun taqdim etilishi, loyiha hujjatlari sifatli tayyorlanishi, shuningdek, grantlar toʻliq hajmda va oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi uchun barcha tadbirlarning soʻzsiz va sifatli bajarilishini taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda loyiha tashabbuskorlari tomonidan grantlarni jalb etish toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq xarajatlarni (majburiy toʻlovlarni toʻlash, ruxsatnoma beruvchi tartib-taomillardan oʻtish, tovarlarni tashish, kuzatish va saqlash, uskunalarni montaj qilish, sozlash, yigʻish, oʻrnatish hamda loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar) qoplash uchun mablagʻlarni nazarda tutadi va ularning oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi grantlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish yuzasidan tizimli choralarni koʻradi.

4. Vazirlik, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Moliya vazirligining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Komissiyasining texnik koʻmagini muvofiqlashtirish byurosini (keyingi oʻrinlarda – OʻzByuroKES) tugatish va uning huquqlari, majburiyatlari, shtat birliklari va mulki (bino va inshootlari)ni Vazirlikka topshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

5. Vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni 11 nafardan iborat boʻlgan Tashqi begʻaraz koʻmakni muvofiqlashtirish departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) tashkil etilsin.

Belgilansinki, Departamentning shtat birliklari OʻzByuroKESning 7 dona shtat birligi hamda Vazirlikning umumiy shtatlar soni hisobiga shakllantiriladi.

6. Quyidagilar:

Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish va donorlar bilan hamkorlik qilish dasturlarini shakllantirish, tasdiqlash va amalga oshirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq;

2019-2020 yillarda donorlar bilan ishlab chiqiladigan ustuvor tashqi begʻaraz koʻmak loyihalari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda – Roʻyxat) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik, Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

Roʻyxatga kiritilgan tashqi begʻaraz koʻmak loyihalari boʻyicha hujjatlarni yakuniy kelishish, maʼqullash va rasmiylashtirish boʻyicha zarur tartib-taomillar bajarilishini taʼminlasin;

donorlar bilan tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini moliyalashtirish va amalga oshirish bilan bogʻliq barcha muammoli masalalarni hal etish boʻyicha ishlarni faollashtirsin.

7. Vazirlik 2020-yil 1-avgustga qadar, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini elektron tarzda kelishish, monitoring qilish va hisobga olish” axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda – Axborot tizimi) ishlab chiqsin va joriy etsin:

Dasturlarni shakllantirish, kelishish va hisobga olish jarayonlarini raqamlashtirish;

tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarining muddatlariga rioya etilishi
va maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi ustidan monitoringni amalga oshirish;

hamma uchun ishonarli va ochiq boʻlgan, jalb qilingan va oʻzlashtirilgan grantlarning hajmi va yoʻnalishlari, donorlarning mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan joriy loyihalarni amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi hamda grantlar bilan bogʻliq boshqa barcha maʼlumotlarni shakllantirish;

loyiha tashabbuskorlariga tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini jalb etish va samarali amalga oshirish, loyihalarning pasportlarini va loyiha hujjatlarini sifatli tayyorlash masalalari boʻyicha, shuningdek, donorlarga esa grantlarni ajratish geografiyasi va yoʻnalishlari toʻgʻrisida onlayn-maslahatlar berish.

Vazirlik 2020-yil 1-fevralga qadar Axborot tizimini ishlab chiqish va joriy qilishni moliyalashtirish uchun grantlar jalb etilishini taʼminlasin.

8. Belgilansinki:

loyiha tashabbuskorlari bir loyiha boʻyicha qiymati 100 ming AQSH dollaridan oshmaydigan grantlarni mustaqil ravishda jalb etadi va donorlar bilan muzokaralarni olib boradi, bunda grantlar jalb etilishini nazarda tutuvchi bitimlarning nusxalari Vazirlikka majburiy tartibda yuboriladi;

davlat organlari va tashkilotlariga, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan donorlarning loyiha tashabbuslari nusxalari ularning koʻrib chiqilishi ustidan monitoringni amalga oshirish uchun nusxalar kelib tushgan kundan boshlab bir kun ichida Vazirlikka majburiy tartibda yuboriladi;

2021-yil 1-yanvardan boshlab Dasturlarni kelishish, shakllantirish
va tasdiqlash Axborot tizimi orqali faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.

9. 2019-yil 1-dekabrdan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

Oʻzbekiston Respublikasiga donorlar delegatsiyalari tashriflarini va ularning rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlarini tashkil etish, shuningdek, respublika hududlariga safarlar tashkil qilish masalalari boʻyicha soʻrovlarni Tashqi ishlar vazirligiga oldindan yuborish muddati 30 ish kunidan 15 ish kunigacha qisqartiriladi;

grant oluvchilar tomonidan bank hisobvaraqlaridan koʻchirmalarni, shuningdek, texnik koʻmak mablagʻlari toʻgʻrisida axborot va idoraviy hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligiga taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;

grant oluvchilar har chorakda (hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmasdan) Vazirlikka olingan va oʻzlashtirilgan grantlar hamda amalga oshirilayotgan tashqi begʻaraz koʻmak loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Vazirlik tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha taqdim etadi;

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlaganlik hamda tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishganlik uchun grantlarni jalb etish va oʻzlashtirishda bevosita ishtirok etgan xodimlarga nisbatan tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari, grantlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mehnatga haq toʻlash minimal miqdorining oʻn besh baravarigacha, ammo oʻzlashtirilgan grant summasining ikki foizidan oshmaydigan miqdorda bir yoʻla mukofotlash tarzidagi ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash huquqi beriladi;

loyiha tashabbuskorlariga grantlarni jalb etish toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni byudjetdan tashqari jamgʻarmalar, mahalliy byudjetlar daromadlarining prognoz koʻrsatkichlari orttirib bajarilgan qismidan boʻshagan qoldiqlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplash huquqi beriladi.

10. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Vazirlik yoki loyiha tashabbuskorlari – byudjet tashkilotlarining buyurtmanomalariga koʻra Dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik yigʻimlarini va amaldagi xarajatlarni qoplash hisobiga yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini oʻrnatilgan tartibda taʼminlaydi;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

Vazirlik yoki loyiha tashabbuskorlari – byudjet tashkilotlarining buyurtmanomalariga koʻra Dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar uchun davlat boji undirilmagan holda koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular yashab turgan joyda vaqtincha propiskaga qoʻyilishi va vaqtincha propiska muddati uzaytirilishini oʻrnatilgan tartibda taʼminlaydi;

Dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida xarid qilingan transport vositalari majburiy toʻlovlar va yigʻimlar undirilmagan holda roʻyxatga olinishini taʼminlaydi, avtomototransport vositasini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi guvohnoma va davlatning roʻyxatga olish raqam belgilari uchun toʻlovlar bundan mustasno.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida kirib kelayotgan dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnikaga nisbatan davlat reyestriga kiritmasdan va oʻrnatilgan yigʻimlarni undirmagan holda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika bir martalik davlat roʻyxatiga olinishini va roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi berilishini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan dori vositalarini roʻyxatga olish natijalarini tan olish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

12. Belgilansinki, ushbu Farmon bilan nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar summasi, basharti donorlar bilan bitimlarda oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirishga qoʻshadigan hissasi hisoblanadi.

13. Tashqi begʻaraz koʻmakni jalb etish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil qilinsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

donorlar bilan doimiy muloqot platformasini shakllantirish, tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini moliyalashtirish va amalga oshirish bilan bogʻliq muammoli masalalarni hal etishda yordam koʻrsatish;

Oʻzbekiston Respublikasining donorlar bilan hamkorligining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirish uchun hamkorlik geografiyasini kengaytirish va moliyalashtirishning yangi salohiyatli manbalarini izlash boʻyicha tizimli ishlar olib borish;

tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini kelishish va ishlab chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish va mexanizmlarini takomillashtirish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha takliflar tayyorlash;

har oy davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining grantlarni jalb qilish va ularning hajmlarini koʻpaytirish, donorlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha qilingan ishlar toʻgʻrisida, shuningdek, har olti oyda – Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarining tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi xodimlarining hisobotlarini tinglash.

14. Vazirlik:

a) ikki oy muddatda jalb qilinayotgan grantlarning samaradorligini baholash boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribani, shu jumladan, Vazirlik mutaxassislarining xorijiy mamlakatlarga safarini tashkil qilgan holda oʻrgansin va amaliyotga joriy etilishini taʼminlasin;

b) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, donorlar vakillarini va malakali xorijiy mutaxassislarni mazkur jarayonga faol jalb etgan holda davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining xodimlari orasida grantlarni jalb etish va ulardan samarali foydalanish masalalari boʻyicha muntazam asosda seminarlar va treninglar oʻtkazsin;

v) quyidagilar:

grantlar jalb qilish va oʻzlashtirish sohasidagi malakali mutaxassislar, shuningdek, tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirish doirasida tayyorgarlik, qayta tayyorgarlikdan oʻtgan va malaka oshirgan shaxslar;

tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirish doirasida oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalari, ularning yakunlari boʻyicha tuzilgan hisobotlar, maʼruzalar, maʼlumot va tahliliy materiallar hamda boshqalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini qonunchilikka muvofiq shakllantirsin va doimiy asosda yangilab borsin;

g) tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirish yakunlari boʻyicha qoʻlga kiritilgan ijobiy tajriba iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning tegishli tarmoqlarida keng tatbiq etilishini taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari
5-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

17. Vazirlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi, shu jumladan grantlar hisobiga moliyalashtirish taklif etilayotgan ustuvor va istiqbolli loyihalarni tanlab olish mezonlarini, shuningdek, Dasturlarni shakllantirishda Vazirlik va loyiha tashabbuskorlari oʻrtasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklarni hal qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi nizomni;

gumanitar yordam olish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish jarayonini soddalashtirish va muddatini qisqartirish hamda “gumanitar yordam” tushunchasini qayta koʻrib chiqish choralarini koʻrgan holda Gumanitar yordam yuklarini qabul qilish, hisobga olish, manzilli taqsimlash va maqsadli foydalanish ustidan nazorat olib borish hamda gumanitar loyihalarni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisida nizomning yangi tahririni;

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish
va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gʻulomov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 10-oktabr

Поделиться