Tanzila Norboeva: “O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatning barcha shakllariga barham berilmoqda”
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlisda ma’ruza qilgan Senat raisi Tanzila Norboeva mamlakatimiz iqtisodiyot sohasidagi o‘zgarishlar bo‘yicha mulohazalarini bildirib o‘tdi.
– Yangi bosqichidagi islohotlar qisqa muddatda yangilangan O‘zbekistonning jozibador qiyofasini dunyoda namoyon etdi, – dedi T.Norboeva. – Mamlakatimizning barqaror taraqqiyot yo‘lidagi odimlari, xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi yuksalib borayotgani, aholi farovonligining muttasil oshayotgani jahon jamoatchiligi tomonidan samimiy e’tirof etilmoqda. Bu jihatni o‘tgan yalpi majlisdan keyingi g‘oyat qisqa muddatda Senat a’zolarining xalqaro darajada o‘tkazgan muloqotlari ham yana bir karra tasdiqladi.
Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasida bo‘lib o‘tgan Yoshlar uchun mehnat sohasidagi kelajak: yoshlar bandligini targ‘ib qilish bo‘yicha strategik hamkorlik mavzusida o‘tkazilgan kengash doirasidagi muloqotlarimiz davomida nufuzli xalqaro tashkilotlar va davlat vakillari O‘zbekiston Prezidentining yangi tashabbuslari, jumladan beshta muhim tashabbus doirasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Ma’ruzachi, shuningdek, mamlakatimizda gender tenglikni hamda onalar va bolalar muhofazasini ta’minlash borasidagi yangicha yondashuvlar jahon jamoatchiligi e’tibori va e’tirofida ekanini alohida qayd etdi.
Ayni paytda O‘zbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha tashlagan amaliy qadamlari keyingi yillardagi olamshumul yangilik sifatida baholandi.
Buyuk Britaniyaga amalga oshirilgan tashrif davomida ushbu davlatning siyosiy, ilmiy doiralari vakillari, jumladan, Buyuk Britaniya parlamenti a’zolari O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlar samaralarini alohida e’tirof etdi. Yaponiyaga amalga oshirilgan tashrif esa ushbu mamlakat bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sohasida istiqbolli loyihalarni yanada puxta ishlab chiqish imkonini berdi.
Ta’kidlanishicha, Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matvienko mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi davomida yurtimizdagi hayotbaxsh islohotlar natijalariga yuksak baho berdi va O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni izchil rivojlantirish borasidagi intilishi qat’iy ekanini tasdiqladi.
A.Musaev, O‘zA