Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlariga joriy yilning dekabr oyida saylovlar boʻlib oʻtadi.
Mamlakatimizning siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan saylov qonunchiligi tizimlashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, shu asosda Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Saylov toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi.
Qabul qilingan kodeks va qonun boʻyicha fuqarolarning saylov huquqlariga oid bir qator oʻzgarishlar kiritildi. Jumladan, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini yuritish tizimi joriy etilib, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, ogʻir hamda oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarni sodir etmagan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻladi. Saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi joriy etildi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 20-sentyabr kuni saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilindi. Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 8, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga 65, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlariga 425 saylov okrugi tuzilmoqda.
Saylov komissiyalari aʼzolari uchun ularning saylov qonunchiligi boʻyicha bilimlarini mustahkamlash hamda huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida joylarda seminar-treninglar oʻtkazilmoqda. Shuningdek, 23-oktyabrga qadar shahar va tumanlarda saylov uchastkalarini tuzish belgilangan. Bugungi kunga qadar 622 joyda saylov oʻtkazish boʻyicha dastlabki dislokatsiyalar ishlab chiqilmoqda. Shu asosda dislokatsiyalarning 538 tasi umumtaʼlim maktabida, 49 tasi kasb-hunar kolleji va akademik litseyda, 3 tasi fuqarolar yigʻini binolarida, 4 tasi sogʻliqni saqlash muassasalarida, 7 tasi oʻquv binolarida, 25 tasi boshqa korxona va tashkilotlar binolarida oʻtkazish kutilmoqda. Shu bois, saylov oʻtkaziladigan joylarni obodonlashtirish, issiqlik tizimi bilan taʼminlash, yoʻllarni taʼmirlash kabi ishlar koʻrib chiqilib, aniqlangan kamchiliklarni tez kunlarda bartaraf etish nazarda tutilgan.
Sessiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining tarkibi boʻyicha taklif berish masalasi koʻrib chiqildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi boʻyicha 8 saylov okrugi tashkil etilmoqda. Ushbu saylov okruglari Nukus shahri, Toʻrtkoʻl, Amudaryo, Xoʻjayli, Chimboy, Qoʻngʻirot, Ellikqalʼa hamda Nukus tumanlarida tuzilmoqda. Har bir okrug saylov komissiyasi tarkibi 11 aʼzodan iboratdir.
Tadbirda okrug saylov komissiyalari raislari, rais oʻrinbosarlari, kotiblari hamda aʼzolari tanishtirildi va bu boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov soʻzga chiqdi.