O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YXHTga a’zo davlatlarning doimiy vakillari delegatsiyasi bilan uchrashuv
2019-10-10 | Siyosat
2019-yilning 10-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan elchilar – Vena shahridagi YXHT huzuridagi a’zo davlatlarning doimiy vakillari delegatsiyasi bilan uchrashdi.
O‘zbekistonga shu shakldagi ilk bor tashrif bilan kelgan elchilarning nufuzli delegatsiyasini samimiy qutlab, Ilhom Ne’matov mamlakatimizning YXHT bilan uning faoliyatidagi uch o‘lcham bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilot bilan hamkorligi ijobiy rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, joriy yil may oyida mamlakatimizga YXHTning amaldagi raisi, Slovakiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak tashrif buyurdi. Shu yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisiga bo‘lib o‘tadigan saylovni kuzatishda YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘liq missiyasi ishtirok etishi kutilmoqda.
2017-yilda qabul qilingan 2017-2021-yillarda mamlakatni rivojlantirish harakatlar strategiyasiga mos ravishda amalga oshirilayotgan O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi keng ko‘lamli islohotlar va chuqur o‘zgarishlar elchilar tomonidan yuqori baholandi. Mazkur konseptual hujjat O‘zbekistonning demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish borasidagi qarashi hisoblanadi.
YXHT huzuridagi doimiy vakillar mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanishiga, davlatlararo ishonch darajasining sezilarli oshishiga, an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining mustahkamlanishiga olib kelgan mamlakatimizning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladilar. Bugun mintaqa davlatlari o‘ta ta’sirchan masalalarga yechim topa olishdi, savdo hajmlari oshmoqda, turli darajadagi aloqalar chuqurlashmoqda.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi.