O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Polsha elchisi Petr Ivashkevich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-10-10 | Siyosat
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Polsha elchisi Petr Ivashkevich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tashqi mehnat migratsiyasi masalalari, O‘zbekiston fuqarolarini Polshaga ishga joylash tartiblari muhokama qilindi. Uchrashuv avvalida Mehnat vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston mehnat bozorining bugungi ahvoli haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, har yili yurtmizda 600 ming nafar yosh mutaxassis tayyorlanadi, 2 million 600 ga yaqin fuqarolar esa xorijda mehnat qilyapti.
Shuningdek Erkin Muxitdinov Polsha mamlakatining bugungi kuni, rivojlanish darajasi, iqtisodiyoti xususida so‘zlab, mazkur mamlakatni O‘zbekistonning ishonchli hamkori, mehnat bozorini esa yurtimiz uchun muhim maydon sifatida ta’kidladi.
Polsha vazirining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyoti rivojlanyapti, yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilyapti. Bu esa ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Elchining ta’kidlashicha, Polsha o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qabul qilishga tayyor. Biroq mazkur jarayon Yevropa ittifoqi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Elchining qo‘shimcha qilishicha, ayni damda mamlakatning siyosiy migratsiyaga oid qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur hujjatning qabul qilinishi natijasida ma’lum davlat fuqarolariga imtiyozlar berilishi kutilyapti.
Fuqarolarimizni Polshaga tartibli va xavfsiz tarzda ishga joylashtirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qator tadbirlarni amalga oshiryapti. Yurtimizning Polshadagi vakolatxonasi ishtirokida muzokaralar ham boshlab yuborilgan. Elchi Petr Ivashkevich mazkur jarayonda Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi ham yaqindan ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda shuningdek Polsha vizasini rasmiylashtirish masalalari ham muhokama qilindi.