O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-10-10 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli institutsional islohotlar doirasida suv xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, suv resurslarini boshqarish tamoyillari va tizimini takomillashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ularning hisobini yuritish tizimini takomillashtirish, shuningdek, suv xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligini isloh qilish hamda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiyalash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mazkur sohada boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish asosida suv xoʻjaligi infratuzilmasini yanada yaxshilashni talab etmoqda.

Suv resurslarini boshqarish va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, irrigatsiya va melioratsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini taʼminlash, suv xoʻjaligini boshqarish sohasida bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ushbu sohada ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:

1. 2022-yil oxirigacha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi rahbariyati faoliyatining quyidagi ustuvor yoʻnalishlari va samaradorligining muhim koʻrsatkichlari belgilansin:

a) suv xoʻjaligi vaziri quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

suv xoʻjaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini taʼminlash, suv resurslarini boshqarish sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash;

2020-2030 yillarda suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqish;

2020-yildan boshlab suv xoʻjaligi tashkilotlarining suv yetkazib berish boʻyicha xarajatlarining bir qismini suv isteʼmolchilari tomonidan qoplash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish;

suv xoʻjaligi sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar, qarzlar va grantlar jalb qilishni kengaytirish orqali suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish xarajatlarining jami hajmidagi byudjet mablagʻlari ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish;

suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etishda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga faol koʻmaklashish, zamonaviy sugʻorish tizimlarini ishlab chiqarish quvvatlarini xususiy investitsiyalar jalb qilish hisobiga kengaytirish orqali suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllagan holda sugʻoriladigan yerlarning ulushini sugʻoriladigan yerlar umumiy maydonining kamida 10 foizigacha yetkazish;

b) vazirning birinchi oʻrinbosari quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

suv xoʻjaligini institutsional, texnik va texnologik rivojlantirish, ushbu sohada fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash;

suv xoʻjaligi obyektlaridagi qurilish-montaj ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish hisobiga ularning tannarxi pasaytirilishini taʼminlash;

suv resurslarini boshqarish sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish, suv xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali foydalanish xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish;

suv xoʻjaligi sohasidagi ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatning jadal rivojlantirilishini taʼminlash, suv resurslarini boshqarish sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hisobiga suv xoʻjaligi sohasidagi dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha kamida 10 ta ilmiy va innovatsion ishlanmani amaliyotga joriy etish;

v) vazirning oʻrinbosarlari quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

suv xoʻjaligini innovatsion rivojlantirish, ilmiy ishlanmalar natijalarini, suv xoʻjaligini boshqarish va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishning ilgʻor usullarini amaliyotga faol joriy etish;

zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda suv xoʻjaligining sugʻorish tizimlarini modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali sugʻorish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini har yili respublika boʻyicha oʻrtacha kamida 1 foizga oshirish;

energiya tejovchi va energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solishning samarali usullarini joriy etish hisobiga suv xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi isteʼmolini kamida 10 foizga qisqartirish;

suv-tuz balansini yuritish mexanizmlarini takomillashtirish, yer osti suvlarini meʼyorda ushlab turish, shuningdek, melioratsiya ishlari samaradorligini oshirish orqali shoʻrlangan yer maydonlari ulushini 45 foizgacha kamaytirish;

suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish va ulardan foydalanish jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga 300 ta suv xoʻjaligi inshooti va gidrouzelda suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish;

suv isteʼmolchilari uyushmalarining huquqiy maqomini mustahkamlash, suv resurslarini boshqarish sohasidagi rolini oshirish, shuningdek, ular faoliyatining moliyaviy barqarorligini taʼminlashga koʻmaklashish orqali suv isteʼmolchilari uyushmalari faoliyatini tubdan rivojlantirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

suv xoʻjaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni shakllantirish va ishlab chiqish, shuningdek, ularni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilish orqali amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligini (keyingi oʻrinlarda – Loyihalarni amalga oshirish agentligi) tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Oʻzsuvqurilishtaʼminot” respublika birlashmasi (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzsuvqurilishtaʼminot” respublika birlashmasi) negizida “Oʻzsuvqurilish” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzsuvqurilish” AJ) tashkil etish, shuningdek, 1-ilovaga muvofiq “Oʻzsuvqurilishtaʼminot” respublika birlashmasi tarkibiga kiruvchi davlat unitar korxonalarini masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirish;

Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi byudjet tashkilotlarining shtatlar sonini 2019-yil 1-noyabrdan 10 foizga, 2020-yil 1-yanvardan qoʻshimcha ravishda 10 foizga, shu jumladan, boshqaruv xodimlari sonini mazkur qarorga muvofiq 83 birlikka bosqichma-bosqich maqbullashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

3. Belgilansinki:

Loyihalarni amalga oshirish agentligiga Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi;

Loyihalarni amalga oshirish agentligi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi;

“Oʻzsuvqurilish” AJ “Oʻzsuvqurilishtaʼminot” respublika birlashmasining shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi;

tashkil etilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar oʻzgartirilayotgan tegishli davlat unitar korxonalarining shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi;

tashkil etilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar ustav kapitali
1-ilovada koʻrsatilgan oʻzgartirilayotgan davlat unitar korxonalarining
mol-mulklarini qoldiq qiymatida oʻtkazish hisobiga shakllantiriladi;

“Oʻzsuvqurilish” AJ ustav kapitali qayta tashkil etilayotgan “Oʻzsuvqurilishtaʼminot” respublika birlashmasining mol-mulklarini qoldiq qiymatida, shuningdek, tashkil etilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlardagi davlat ulushini oʻtkazish hisobiga shakllantiriladi;

“Oʻzsuvqurilish” AJ ustav kapitalidagi aksiyalar davlat paketi boʻyicha aksiyador funksiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi amalga oshiradi;

qayta tashkil etilayotgan “Oʻzsuvqurilishtaʼminot” respublika birlashmasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlari shtatlar soni Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida saqlanib qolinadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimining shtatlar sonini mazkur qarorga muvofiq maqbullashtirishdan boʻshaydigan mablagʻlar Suv xoʻjaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga 2019-yil 1-noyabrdan 1,1 va 2020-yil 1-yanvardan 1,2 miqdorda tuzatish koeffitsiyentini qoʻllash hisobiga ularning ish haqini oshirishga yoʻnaltiriladi.

4. Loyihalarni amalga oshirish agentligi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 26 birlik etib belgilansin.

5. Quyidagilar:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziriga, zarur hollarda, Loyihalarni amalga oshirish agentligi tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Suv resurslarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga ushbu kichik bandda nazarda tutilgan “Yoʻl xaritasi”ga kiritilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlariga oʻtkaziladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarining belgilangan limitdan ortiqcha elektr energiyasi uchun toʻlov xarajatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarining elektr energiyasi isteʼmoli uchun foydalanilmagan limitidan tejab qolingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda nasos stansiyalari va energetika obyektlarini texnik jihatdan rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi,
Suv xoʻjaligi vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, shuningdek, ishlab chiqarish va foydalanish tashkilotlarining:

4-ilovaga muvofiq ishlab chiqarish va foydalanish tashkilotlari negizida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut) sohaga oid kafedralarining ixtisoslashtirilgan sinflarini joylashtirish;

ilmiy va professor-oʻqituvchilar tarkibidan, loyiha institutlari vakillaridan, shu jumladan, chet el mutaxassislaridan iborat boʻlgan, shuningdek, suv xoʻjaligida loyihalashtirishning zamonaviy usullari
va standartlariga amaliyotda oʻqitish uchun iqtidorli talabalarni jalb qilgan holda Institut huzurida ixtisoslashtirilgan loyiha guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

a) Institut sohaga oid kafedralarining tegishli ishlab chiqarish
va foydalanish tashkilotlari negizida joylashtirilayotgan ixtisoslashtirilgan sinflarida talabalarning amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarini, shuningdek, oʻquv-ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashi “ishlab chiqarishda bir kunlik mashgʻulot” tamoyili boʻyicha amalga oshiriladi;

b) Institut huzuridagi ixtisoslashtirilgan loyiha guruhining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

suv xoʻjaligi va aholi punktlari suv taʼminoti obyektlari qurilishi, rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishini loyihalashtirish;

suv xoʻjaligi va suv taʼminoti sohasidagi loyiha-qidiruv ishlarini va loyihalar amalga oshirilishini ilmiy-texnik jihatdan kuzatib borish;

suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishning ishonchliligi va xavfsizligini, shuningdek, suv xoʻjaligi obyektlarining atrof muhitga taʼsirini baholash va ularni hisoblash asoslarini ishlab chiqish.

8. 2020-yil 1-yanvardan:

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilgan holda suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha yangidan amalga oshiriladigan loyihalarga kadrlarni tayyorlash va oʻqitish boʻyicha maxsus komponent kiritish;

ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni qoʻllab-quvvatlash maqsadida suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-qidiruv ishlari qiymatining hisob-kitobiga loyiha-qidiruv ishlari umumiy qiymatining 10 foizigacha miqdorda qoʻshimcha mablagʻlar kiritish amaliyotga majburiy joriy etilsin.

Belgilansinki:

ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablagʻlarning 50 foizi loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy-texnik jihatdan kuzatishni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi, ularga faqat mahalliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, shuningdek, alohida olimlar belgilangan tartibda jalb qilinadi;

ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablagʻlarning qolgan 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi. Bunda mazkur mablagʻlar faqat suv xoʻjaligi sohasidagi dolzarb muammolar boʻyicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini moliyalashtirish maqsadida respublika taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga grantlar ajratish uchun sarflanadi.

9. 2019-yil 1-noyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq suv xoʻjaligi tashkilotlari rahbarlari har chorakda tegishli tuman xalq deputatlari Kengashiga suv resurslarini boshqarish, suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini yaxshilash, shuningdek, ushbu tumanda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish holati toʻgʻrisida hisobot kiritadi.

Viloyatlar va tumanlar xalq deputatlari Kengashlariga xalq deputatlari Kengashi va uning doimiy komissiyalari ish rejalarini ishlab chiqishda ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining suv xoʻjaligi sohasidagi ishlar holati toʻgʻrisidagi axborotini bir yilda kamida ikki marta eshitishni nazarda tutish tavsiya etilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda suv isteʼmolchilari uyushmalari faoliyatini rivojlantirishni, shu jumladan, boshqaruv tizimini takomillashtirish, suv isteʼmolchilari uyushmalarining moliyaviy barqarorligini va ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun yigʻimlar toʻliq tushishini taʼminlash, shuningdek, suv isteʼmolchilari uyushmalari joylashuvini va ular tomonidan xizmat koʻrsatilayotgan hududlar chegaralarini qayta koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi hukumat qarori qabul qilinishini;

ikki oy muddatda 5-ilovada koʻrsatilgan investitsiya loyihalari boʻyicha loyihalarni amalga oshirish guruhlari, shuningdek, huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar Loyihalarni amalga oshirish agentligiga oʻtkazilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari manziliga Loyihalarni amalga oshirish agentligi suv xoʻjaligi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ijrochi agentlik etib belgilanganligi toʻgʻrisidagi xabarnomalar yuborilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:

a) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda:

Loyihalarni amalga oshirish agentligini saqlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi;

Loyihalarni amalga oshirish agentligiga oʻtkazilayotgan loyihalarni amalga oshirish guruhlari belgilangan tartibda faoliyati 5-ilovada koʻrsatilgan investitsiya loyihalari doirasida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan yuridik shaxslarga oʻzgartirilishi nazarda tutilsin;

b) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda:

6-ilovaga muvofiq suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish boʻyicha ustuvor investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish choralarini koʻrsin;

koʻrsatilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishiga qarab, ularni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorga muvofiq Suv xoʻjaligi vazirligi tizimining shtatlar soni maqbullashtirilishi natijasida ishdan boʻshatiladigan xodimlarni ish bilan taʼminlash va ijtimoiy muhofaza qilish boʻyicha choralar koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3672-son qaroriga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gʻulomov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 9-oktabr

Поделиться