Teatr shunchaki oddiy tomosha emas, tarbiya, ma’naviyat, ma’rifat maskani. Unda har bir tomoshabin o‘z-o‘ziga chetdan, tashqaridan nazar solish, xatti-harakatlarini qayta tahlil va idrok etish imkoniga ega. Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan nashr etilgan "O‘zbekiston teatrlari" kitob-albomi mamlakatimiz ijodiy jamoalarini nainki O‘zbekistonda, balki xorijda ham munosib taqdim etishda, tanishtirishda ahamiyatlidir.
Mazkur yangi kitob-albom taqdimotiga madaniyat va san’at namoyandalari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, jurnalistlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi raisi Yoqub Ahmedov va boshqalar milliy teatr san’atimiz rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan katta e’tibor san’atning ushbu yo‘nalishi xodimlarining samarali va sidqidildan mehnat qilishida asosiy omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorida teatrlarni rivojlantirish, jamoatchilikda teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, sohadagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2018-2019 yilgi teatr mavsumining o‘zida ko‘plab xalqaro va respublika miqyosidagi teatr san’ati festivallari, konferensiyalar, ilmiy-amaliy seminarlar, sahna asarlari tanlovi o‘tkazildi. Shu yili O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Teatrlarni rivojlantirish boshqarmasi qoshida joriy repertuardagi spektakllar tasvirga olinib, alohida videoteka yaratildi. Barcha teatrlarning saytlari yanglanib, uch tilda yuritilmoqda. Teatr muzeylari tashkil etilib, sohaga oid ishlarni davr bilan hamqadam yo‘lga qo‘yish maqsadida xorijdan mutaxassislar taklif etildi. Joriy yilning mart oyida tashkil etilgan "Teatr tomoshalari haftaligi" ijodiy loyihasi xalqimiz tomonidan katta quvonch, qiziqish, olqishlar bilan kutib olindi.
Mamlakatimizda mavjud 37 professional teatrdan to‘rttasi akademik unvonga ega. Har bir ijodiy jamoa tasdiqlangan rejaga asosan yiliga to‘rttadan, jami 150-160 ga yaqin yangi spektakl sahnalashtiradi. Teatrlar umumiy hisobda qariyb o‘n mingga yaqin spektakl namoyishini o‘tkazadi. Shu bilan birga, kam ta’minlangan oilalar, Mehribonlik va Nuroniylar uylarida yashovchi hamda imkoniyati cheklangan tomoshabinlar uchun xayriya spektakllari, Yangi yil tomoshalari taqdim etiladi. Bugungi kunda yurtimiz teatrlarida 811 nomdagi spektakl mavjud. Ijodiy jamoalar repertuarida turli yosh, did va qiziqishga ega tomoshabinlar qatlamlariga mo‘ljallangan tragediya, drama, komediya janrlarida jahon va o‘zbek mumtoz asarlari namunalari, tarixiy va zamonaviy mavzulardagi asarlar mavjud.
– "O‘zbekiston teatrlari" kitob-albomi bir yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi, – dedi Madaniyat vazirligining Teatrlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Muqaddas Ahmadjonova. –O‘zbekiston teatrlari yuz yildan ortiqroq davrdagi tarixni aks ettiradi. Shu bois kitob-albom tayyorlashdek mas’uliyatli va murakkab jarayon g‘oyat qiyin kechdi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 31 may kuni qabul qilingan "Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha yaratilgan ushbu kitob-albomda yurtimizdagi 37 professional teatr, ularning repertuari, faoliyati, ijodkorlari haqida o‘zbek, rus va ingliz tillarida batafsil hikoya qilinadi.
Rangli fotosuratlar kitob-albomning jozibadorligi va o‘qishliligini yanada ko‘proq ta’minlashga xizmat qilgan. Ushbu nashrni yurtimiz teatrlarining o‘ziga xos tashrif qog‘ozi, yuzi, ma’rifiy qiyofasi, deb atash ham mumkin. U nainki hamyurtlarimiz, san’at o‘quv yurtlariga kirish istagidagi yoshlar, balki xorijliklar uchun ham O‘zbekistonimizning teatr jamoalari haqida to‘laqonli ma’lumot berishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda ta’kidlanganidek, aslida teatr san’atimizning bir asrdan ko‘proq izlanish va yutuqlarini, bosib o‘tgan mashaqqatli ijod yo‘lini birgina kitob-albomga sig‘dirib bo‘lmaydi. Lekin o‘zbek teatr san’ati haqida muayyan tasavvur hosil etish, xulosa chiqarish va ibrat olish yo‘lida ushbu jamlanma o‘z hissasini qo‘shishi shubhasiz.
Nazokat USMONOVA, O‘zA