Poytaxtimizda o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari nihoyasida Islom hamkorlik tashkiloti a’zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi. Mazkur muhim hujjatda aks etgan, Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan namoyon etilgan tashabbuskorlik, yetakchilik mavqei barcha a’zo davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilot va tuzilmalar tomonidan e’tirof etildi.
Toshkent Deklaratsiyasida xalqaro darajada va IHTga a’zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to‘la ta’minlash yo‘lida kelgusida amalga oshiriladigan bir qator muhim tashabbuslar bayon etilgan.
Anjuman davomida Islom ta’limoti va xalqaro inson huquqlari me’yorlariga muvofiq, yoshlar huquqlarini chuqurroq tushunish, teran idrok etishni rag‘batlantirish uchun tashkilotga a’zo davlatlar va IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, IHT Bosh kotibiyati, IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, Statistika, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar hamda islom mamlakatlari uchun kadrlar tayyorlash markazi va Islomiy hamkorlik yoshlar forumining yoshlar huquqlarini ilgari surishdagi o‘rni va hissasi beqiyos ekani ta’kidlandi. Ushbu tashkilotlarga barcha darajalarda yoshlar huquqlari ahamiyatini oshirish uchun siyosatchilar, ekspertlar taqdim etish, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatlari xabardorligini oshirishga qaratilgan maqsadli salohiyatni oshirish dasturlarini ishlab chiqish tavsiya etildi.