O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Tojikiston: parlamentlararo aloqalar mustahkamlanmoqda
2019-10-08 | Siyosat
2019-yil 7-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Tojikiston Respublikasi Majlisi namoyandagon Majlisi Oli Raisi Shukurjon Zuhurov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar qayd etganidek, davlat rahbarlari o‘rtasida yuzaga kelgan yaqin va ishonchli aloqa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda muntazam muloqot tufayli so‘nggi uch yilda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda katta ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlik darajasigacha ko‘tarildi. Bu qardosh xalqlarimiz manfaatlaridan kelib chiqib, barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berdi.
Uchrashuvda Tojikiston O‘zbekistonga eng yaqin qo‘shni mamlakatlardan biri ekanligi ta’kidlandi. Ikki mamlakatni umumiy tarix, o‘xshash ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turadi. O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari qadimdan birga yashagan va ravnaq topgan, shuning uchun yaqin qo‘shnichilik hamda bir-birini hurmat qilish an’analari bugun ham turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Parlamentlararo munosabatlar faollashdi. O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini chuqurlashtirish, amaliy aloqalar samaradorligini oshirish, shuningdek ikki tomonlama kelishuvlar ijrosini amalda nazorat qilishning muhim mexanizmlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.
“O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlararo munosabatlari ikki tomonlama hamkorlik formatida ham, parlamentlararo tuzilmalar doirasida ham sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilishiga ishonchim komil”, - deb ta’kidladi Shukurjon Zuhurov.
Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi va rag‘batlantirilishi ham sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga, eng muhim masalalar bo‘yicha hamkorlik qilishga, shuningdek qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan Tanzila Narbayeva ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi do‘stlik parlamentlararo guruhining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan majlisi muvaffaqiyatli o‘tishiga tilak bildirdi.