O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya davlat tashqi ishlar vaziri K.Suzuki va qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va baliqchilik vazirining o‘rinbosari Y. Kavano bilan uchrashuvlar
2019-10-04 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 3-oktabr kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Yaponiya rasmiy shaxslari, jumladan, davlat tashqi ishlar vaziri K.Suzuki va qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va baliqchilik vazirining o‘rinbosari Y. Kavano bilan uchrashdi.
Davlat tashqi ishlar vaziri bilan olib borilgan muzokaralar ikki tomonlama munosabatlardagi bir qator muhim masalalarni: yaponiyalik ishbilarmon doiralarni O‘zbekistonning xususiy sektori bilan faol hamkorlik qilishga va tematik tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashish, o‘zaro sayyohlik oqimini ko‘paytirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish va Orol halokati oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumatlararo hamkorlikni muhokama qilishga imkon berdi.
Qishloq, o‘rmon va baliqchilik vaziri o‘rinbosari bilan bo‘lgan uchrashuvda joriy yilning noyabr oyida qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyati va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish maqsadida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqaruvchilarga yo‘naltirilgan hamda o‘zbekistonlik va yaponiyalik ishbilarmonlar va fermerlar o‘rtasida tajriba almashish to‘g‘risida O‘zbekistonda biznes-seminarlarni tashkil etish tashabbusi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tomonlar qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohasiga ilg‘or yapon texnologiyalarini joriy etish va ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida innovatsion qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratish istiqbollarini muhokama qildilar.
Yaponiya tomoni, ikki mamlakat karantin nazorati organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish orqali, ho‘l va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarining importini oshirishga ham qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida faol idoralararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish orqali qayd etilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.