O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash vaziri tajovuzga uchragan tez tibbiy yordam xodimi holidan xabar olib, Bosh prokurorga murojaat qildi
2019-10-04 | Sog‘liqni saqlash
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 6-podstantsiyaning tez tibbiy yordam xodimi Jahongir Xo‘jayevning o‘ziga nisbatan bemor yaqinlari tomonidan tajovuz qilingani haqidagi murojaati e’lon qilingan edi. Unda tibbiyot xodimi bemorning qarindoshlari tomonidan haqoratlanib, unga jarohat yetkazilgani qayd etiladi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ayni paytda 7-klinik shifoxonada davolanayotgan Jahongir Xo‘jayev holidan xabar oldi, uning sog‘lig‘i bilan qiziqdi. Respublikaning yetakchi mutaxassislari bilan konsilium o‘tkazib, J.Xo‘jayevning sog‘ayib ketishi uchun lozim bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berdi. Va shu kunning o‘zida J.Xo‘jayevga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida poytaxtimizdagi 7-klinik shifoxonadan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga davolanish uchun ko‘chirildi.
Vazir, shuningdek, o‘z huzur-halovatidan kechib, o‘zgalarga shifo baxsh etayotgan, insonlar dardiga darmon bo‘layotgan shifokorlarning haq-huquqlarini qat’iy himoya qilish uchun alohida huquqiy hujjat qabul qilish vaqti allaqachon kelganini, yelkasiga ulkan mas’uliyatni olib, inson salomatligi yo‘lida tunu-kun xizmat qilayotgan kasb egalariga nisbatan bo‘layotgan salbiy munosabatlarni o‘zgartirish zarurligiga e’tibor qaratdi. Eng muhimi, har bir tibbiyot xodimi mehnat faoliyati, haq-huquqi vazirlik himoyasida ekanini ta’kidladi. Shuning uchun ham Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov shifokorlarga tajovuz kilish kabi illatni oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan har bir noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlikni kuchaytirish barobarida uni nazoratga olish kerakligi bo‘yicha shu yilning 2-oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat kildi.
O‘z navbatida Jahongir Xo‘jayev tibbiyot xodimlari obro‘sini yuksaltirish yo‘lida hamisha o‘z xissasini qo‘shishini qat’iy bildirib o‘tdi.