Toshkentda 3-oktabr kuni mazkur mavzuda I respublika kongressi ish boshladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti tomonidan ilk bor tashkil etilgan mazkur anjumanda mamlakatimizning barcha hududlaridan tibbiyot mutaxassislari, olimlar, xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan kongressdan maqsad kundalik va har qanday tibbiy amaliyotga insonning reproduktiv tizimi kasalliklarini tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini joriy etishni jadallashtirishdan iborat. Mutaxassislar oʻrtasida tajriba va bilimlar almashinuvini taʼminlaydigan bu kabi anjumanlar mahalliy tibbiyot mutaxassislari kasb mahoratini oshirishga hissa qoʻshadi.
Amaliyot shifokorlari, akusher-ginekolog, urolog mutaxassislar uchun juda foydali boʻlgan tadbirda amaliy jihatdan erkak va ayol salomatligiga daxldor juda muhim va dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda yer yuzida 30-40 foiz oilalar bepushtlikdan jabr chekmoqda. Mazkur qatlam xoh davlat tibbiyot muassasasi boʻlsin, xoh xususiy klinika boʻlsin, amaliyot shifokoriga murojaat qiladi. Bunday holatda shifokorning vazifasi reproduktiv funksiya buzilishining asl sababini oʻz vaqtida aniqlash, yaʼni patogenik asoslangan toʻgʻri tashxis qoʻyishdan iborat. Shu bois anjumanda Yevropa qitʼasidagi yirik akusher-ginekologlar va urologlar uyushmalari standartlari asosidagi usullarni joriy etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi. Kelajakda ushbu jahon tajribalarini mamlakatimiz sharoitlariga moslashtirish talab etiladi.
Kongressning birinchi kuni tashkil etilgan yalpi majlisda Belarus va Rossiyadan taklif etilgan tajribali ekspertlarning maʼruzalari tinglandi. Xususan, Gomel davlat tibbiyot universitetining akusherlik va ginekologiya kafedrasi hamda Moskva shahridagi “Lapino” klinik shifoxonasi va “Petrovaks Farm” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi mutaxassislari oʻz tajribalarini oʻrtoqlashdi.
Kunning ikkinchi yarmida ginekologiya va urologiya yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan shoʻba majlislarida Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va boshqa yirik tibbiyot muassasalarining yetakchi mutaxassislari reproduktiv salomatlikning dolzarb muammolariga doir chiqishlar qildi.
Kongress davomida yana bir muhim jihatga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda Oʻzbekiston tibbiyot sohasiga reproduktiv texnologiyalarni joriy etish arafasida turibdi. Bu jarayonda amaliyot shifokorining asosiy vazifasi oʻz vaqtida toʻgʻri tashxis qoʻyish va lozim boʻlsa, bemorni zudlik bilan reproduktiv texnologiyalar qoʻllaniladigan klinikaga joʻnatishdan iborat. Sunʼiy ravishda jarayonni choʻzish, bemorni amaliy davolash darajasida asossiz umidlantirish yaramaydi.
Anjumanning ikkinchi kuni xorijlik va mahalliy mutaxassislar ishtirokida erkaklar va ayollar salomatligiga oid seminarlar oʻtkaziladi.
Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA