O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazib borishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2019-10-04 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Keyingi yillarda mamlakatimizda qadimiy va boy tariximiz, milliy oʻzligimiz, betakror qadriyat va anʼanalarimiz timsoli boʻlgan xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ushbu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish va shu asosda Oʻzbekistonning bu sohadagi ulkan salohiyat va imkoniyatlarini dunyoga namoyon etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi vaqtda hunarmandchilik sanʼati xalqimiz kundalik hayotidan tobora mustahkam oʻrin egallamoqda. Mamlakatimizda har yili mazkur yoʻnalishda yuzdan ziyod festival va yarmarkalar, savdo koʻrgazmalari va boshqa tadbirlar oʻtkazilayotgani ham shundan dalolat beradi.

Shahrisabzda maqom, Termizda baxshichilik sanʼatiga bagʻishlangan xalqaro festivallar, Buxoro shahrida “Ipak va ziravorlar”, Margʻilonda “Atlas bayrami” anjumanlari oʻtkazib kelinayotgani, ularda dunyoning koʻplab davlatlaridan madaniyat va sanʼat namoyandalari, bu yoʻnalishda oʻzining ilmiy ishlari, amaliy faoliyati bilan tanilgan olimlar va mutaxassislar ishtirok etayotgani diqqatga sazovordir.

Joriy yil 10-15-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida YUNESKO shafeligida birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkazilgani, Jahon hunarmandlar tashkiloti tomonidan ushbu shaharga “Jahon hunarmandlari shahri” maqomi berilgani oʻzbek xalq amaliy sanʼatining xalqaro miqyosdagi yuksak eʼtirofi boʻldi.

Jahon xalq amaliy sanʼatini, uning ajralmas qismi boʻlgan oʻzbek milliy hunarmandchiligini asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan ana shunday ezgu ishlar ushbu bebaho boylikni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, bu yoʻldagi saʼy-harakat va imkoniyatlarimizni birlashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlash lozim.

Ana shu omillarning barchasini eʼtiborga olib hamda mamlakatimizda xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish, uning milliy qadriyatlarimiz davomiyligini saqlash, ularni keng targʻib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi oʻrnini va ahamiyatini yanada oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va Fargʻona viloyati hokimligining har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Qoʻqon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalini (keyingi oʻrinlarda – festival) hamda festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyani (keyingi oʻrinlarda – Ilmiy-amaliy konferensiya) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar:

a) festivalning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Oʻzbekistonning milliy hunarmandchilik anʼanalarini davom ettirish, hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, boy madaniy merosini dunyo hamjamiyati oʻrtasida targʻib etish va shu orqali jahondagi turli milliy madaniyat va qadriyatlarni yaqinlashtirish;

milliy hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati sohasining xalqaro obroʻ-eʼtiborini mustahkamlash, “Qoʻqon – Jahon hunarmandchilik shahri” brendini keng targʻib etish hamda mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirish;

jahon xalq amaliy sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish, ushbu bebaho boylikni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish hamda bu yoʻldagi saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish;

yoshlarni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilimlar bilan birga, xalq amaliy sanʼatining nazariy va amaliy jihatlarini puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish;

b) ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

hunarmandchilik sohasidagi muammolarni xorijiy olimlar, ekspert va mutaxassislar ishtirokida muhokama qilish hamda bu borada nazariy va amaliy tajriba almashish;

hunarmandchilik yoʻnalishida foydalanilmayotgan imkoniyat va resurslarni aniqlab, sohani rivojlantirish istiqbollarini belgilash;

hunarmandchilik sohasida madaniy va tarixiy jihatdan chuqur izlanishlar olib borish, ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish va amalga oshirilayotgan tadqiqotlar natijalarini ommalashtirish.

3. Belgilab qoʻyilsinki, festival va ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladigan yilning yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamda Fargʻona viloyati hokimligining takliflari asosida ushbu tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan tashkiliy chora-tadbirlarni koʻzda tutadigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinadi.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:

a) festival va ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarga munosib tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha manzilli “yoʻl xaritasi”ni tegishli yil fevral oyida ishlab chiqib, amalga oshirish tizimini joriy etsin;

b) festivalga iqtidorli hunarmandlar va isteʼdodli yoshlarni jalb etish maqsadida “Men Qoʻqonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat quyidagi koʻrgazma va koʻrik-tanlovlarni tashkil etsin:

birinchi bosqich – tuman (shahar)lar boʻyicha festival va ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladigan yilning aprel oyida;

ikkinchi bosqich – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha festival va ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladigan yilning iyun oyida.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:

Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda festival va ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladigan yilning fevral oyida ushbu tadbirlarning maqsad va vazifalarini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni;

tasdiqlangan chora-tadbirlar asosida festival va ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borishni taʼminlasin.

6. Quyidagi rahbar va mutasaddilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov – festival va ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha koʻzda tutilgan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (A.Ikramov), Madaniyat vazirligi (B.Sayfullayev), Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (A.Akkulov) – tadbirlar dasturini ishlab chiqish va ularni uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etish hamda Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish;

Fargʻona viloyati hokimligi (Sh.Gʻaniyev) – Qoʻqon shahrida keng koʻlamdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, festival va ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladigan maydon va hududlarni talab darajasida tayyorlashni taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (A.Akkulov), Fargʻona viloyati hokimligi (Sh.Gʻaniyev) –festival va ilmiy-amaliy konferensiya qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joy ajratish choralarini koʻrish;

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (B.Sayfullayev), Savdo-sanoat palatasi (A.Ikramov) – tadbirlarning tantanali ochilish marosimini tashkiliy va badiiy jihatdan har tomonlama puxta tayyorlash uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissyorlar, usta hunarmandlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh sanʼatkorlarni keng jalb etishni taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

7. “Oʻzbekkino” milliy agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda festivalni targʻib qiladigan qisqa va toʻliq metrajli hujjatli filmlarni ishlab chiqsin va ularning namoyish etilishini tashkil qilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qurilish vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi Margʻilon va Qoʻqon shaharlarini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturda 2021-yilda festivalni yuqori saviyada oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan barcha zarur infratuzilma obyektlarini, shu jumladan, zamonaviy mehmonxona qurilishini inobatga olsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda “Hunarmand” uyushmasi hunarmandchilik sohasini yanada rivojlantirish borasidagi huquqiy bazani mustahkamlash maqsadida, uch oy muddatda tajribali hunarmandlarni jalb etgan holda, xorijiy tajribani oʻrganib, Oʻzbekiston Respublikasining “Hunarmandchilik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunini qabul qilish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 3-oktabr

Поделиться