O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston OAV vakillari Navoiyning diqqatga sazovor maskanlarida boʻlishdi
2019-10-03 | Turizm
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan 25-26-sentyabr kunlari Navoiy viloyatida Tadbirkorlik subyektlari hamda OAV vakillari uchun infotur tashkil etildi. Undan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimizdagi yetakchi turistik tashkilotlar va OAV vakillarini Navoiy viloyatining turistik salohiyati hamda investitsion jozibadorligi bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir.
Infotur ishtirokchilari tadbirning ilk kunida mehmonlar, Navoiy viloyati temir yoʻl vokzalidan kutib olindi va dasturga muvofiq turistik obyektlarga tashrif buyurishdi. Mehmonlar eng avvalo Nurota tumanidagi Sintob etnoqishlogʻiga yetib kelishdi. Oʻziga xos tabiati va baland togʻ tizmalari bilan tanilgan ushbu qadimiy qishloq qariyb uch ming yillik tarixga ega boʻlib, ayni vaqtda bu yerda 545 oila istiqomat qiladi. Bugungi kunda Sintob qishlogʻi oʻziga xos manzaralari va tabiat moʻjizalari bilan nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlarni ham hayratga solib kelmoqda. Bu manzilga aprel oyidan boshlab to noyabr oyining soʻngiga qadar Niderlandiya, Fransiya, Germaniya, AQSH kabi davlatlardan koʻplab mehmonlar keladi. Ularning soni har yili ortib bormoqda. Bu esa oʻz navbatida ushbu hududda joylashtirish vositalari, yaʼni mehmonxona va mehmon uylariga boʻlgan talabni oshishiga sabab boʻlmoqda. “Fevral oyida uyimizdan 10 oʻrinli oilaviy mehmon uyini ochdik, – deydi Bekmurod Omonov. – Hovlimizdan 50 metr pastda soy oqib oʻtadi va unda juda chiroyli hamda bu atrofda yagona hisoblangan katta harsang tosh bor. Uning yonidagi supadan atrofdagi manzarani kuzatish, yaqin atrofdagi ikkita buloqdan esa suv ichish mumkin. Agar shaharda 45 daraja issiq boʻlsa, bizning qishlogʻimizda harorat +36 daraja boʻladi. Atrofda yongʻoq, olxoʻri, doʻlana, bodom kabilar bor. Ular orasida 150 yoshdagi tut hovlimizni bezab turibdi”, - deydi shu qishloqda yashovchi Bekmurod aka. Bu qishloq hududida joylashgan mevali daraxtlardan olingan hosil ekologik toza boʻlib, shirinligi va yirikligi bilan boshqa hududlardagi mevalardan ajralib turadi. Mahalliy aholi asrlar davomida qishloqda bogʻdorchilik bilan ham shugʻullangani bois atrofda koʻplab buta va daraxtlarni, boy sunʼiy mevali oʻrmonlarni koʻrish mumkin.
Bu oʻziga xos landshaftning bir qismini yongʻoq, olma, tut, oʻrik, olcha, uzum, nok kabi mevali daraxtlar tashkil etadi. Shu bilan birga, qishloq hududida terak, tol, qayragʻoch kabi daraxtlani ham uchratish mumkin. Infotur davomida OAV vakillariga tabiatning asl jozibadorligini oʻzida mujassam etgan Sintob qishlogʻi 2020-yilda turizm qishlogʻiga aylantirilishi haqida ham tegishli maʼlumotlar berib oʻtildi. Bugungi kunda qishloqda yoʻl infratuzilmasi yaratilmoqda. Shuningdek, bugungi kunda hududning oʻrganilmagan qadamjolari va tarixini tiklash uchun ilmiy turizmni rivojlantirish rejalashtirilgan. Ishtirokchilar togʻlardagi qoyatoshlardan topilgan arab yozuvi va petrogliflarini tomosha qilishdi. Keyingi manzil esa “Qizilqum safari” boʻlib, jurnalistlar sayyohlik firmasiga tegishli oʻtovli lagerlarga joylashishdi. Ushbu tadbirkorga ajratilgan uch gektar maydonda 22 dona oʻtov oʻrnatilgan boʻlib, ularning har biri zamonaviy konditsionerlar bilan jihozlangan. Oʻtovlar toʻrt kishiga moʻljallangan. Ular Buxorodan - 270, Samarqanddan 380 kilometr masofada joylashgan. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish lozimki bu yerdagi oʻtovlarni bezashda tadbirkor milliylikka alohida urgʻu qaratgan boʻlib, unda shuningdek 100 kishi sigʻadigan yozgi ayvon, sovuq va yomgʻirli kunlar uchun alohida qishki joy tayyorlangan. Toza suv 8 kilometr uzoqda joylashgan quduqdan tortib kelingan. Suv nisbatan shoʻr boʻlgani uchun taomlar uchun ishlatilmaydi. Ovqatlanish shoxobchasida foydalanish uchun shahardan qadoqlangan idishlarda suv olib kelinadi. Aholi yashaydigan eng yaqin manzil 4 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, u yer Doʻngalak qishlogʻi deb nomlanadi. Oʻtovli lagerdan 80 kilometr masofada Qozogʻiston Respublikasi hududi boshlanadi.