O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kasbga o‘qitish tizimida Osiyo taraqqiyot banki bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
2019-10-03 | Jamiyat
O‘zbekistonda kasbga o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, bu borada moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash chora-tadbirlari Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan 28-sentabr Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama etildi.
Uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki qishloq xo‘jalik sohasi bo‘yicha katta iqtisodchisi Shin Long, AARC Ltd kompaniyasi vakili Omon Narziqulov, sohalar asosida o‘qitish bo‘yicha maslahatchi Djo Vagner, uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha mutaxassis Si Yyu Lim, O‘zbekistondagi Osiyo taraqqiyot banki vakolatxonasi loyihalari bo‘yicha analitik Farida Jumaboyeva hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov boshchiligidagi vazirlik mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Shin Long “Ishga marhamat” monomarkazining zamonaviy qiyofasi va u yerda yaratilgan zaruriy shart-sharoitlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kollejlar faoliyatini samarali tashkil etish, ularda qisqa muddatli kasbga o‘qitish kurslarini yo‘lga qo‘yish, kollej binolarini xalqaro standartlar bo‘yicha jihozlash, hamkorlik loyihalari orqali aholining kam ta’minlangan qatlamlari uchun kasbiy ta’lim xarajatlarini to‘liq qoplash singari dolzarb masalalar haqida fikr almashdi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki bilan o‘zaro hamkorlikda belgilangan vazifalarni tizimli ravishda amalga oshirishga kelishildi.