O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kitoblarning cheksiz dunyosi

2019-10-03 | Madaniyat

Bu xalqaro koʻrgazma-yarmarkani darrovgina yoki bir-ikki soatda, shunchaki bir aylanib tomosha qilishning sira iloji yoʻq. Unda kitoblarning moʻjizakor ummoniga shoʻngʻib ketish, milliy adabiyotimiz dargʻalarining ajoyib suhbatidan bahra olish, noshirlar, matbaachilar, kutubxonachilar faoliyatidan toʻlaqonli xabardor boʻlish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkil etilgan “Tashkent Book Fest – 2019” birinchi xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi stendlarini aylangan har bir insonda shunday taassurotlar paydo boʻlishi shubhasiz.
 
Mazkur koʻrgazmaning ochilishiga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, kitob-noshirlik, axborot-kutubxona ishi mutaxassislari, adabiyotimiz fidoyilari, maʼnaviyat targʻibotchilari, talaba-yoshlar, ularning ota-onalari, oʻqituvchilar taklif etildi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Komil Allamjonov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda kitob targʻibotini kuchaytirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga boʻlgan mehri va hurmatini oshirish, nashriyotlar, matbaa korxonalarining erkin va samarali ishlashi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlarda ustuvor oʻrin egallashini taʼkidladi.
 
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan hayotga izchil joriy etilayotgan Harakatlar strategiyasi hamda yosh avlod maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga doir beshta muhim tashabbusga muvofiq kitob targʻibotiga oid ishlarni zamon talablari asosida yoʻlga qoʻyish, shu orqali xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan nashrlarning chop etilishi boʻyicha maqsadli dasturlarni tayyorlash va ijrosini taʼminlash, xorijda oʻzbek tili va adabiyotini keng targʻib qilish, nashriyotlarga koʻmaklashish, noshirlik va matbaachilik yoʻnalishidagi texnik-texnologik bazani rivojlantirish, ularni zamonaviy jihatdan yangilash, tegishli mintaqaviy, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
 
“Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalari majmuasining eng muhtasham pavilyonida boshlangan “Tashkent Book Fest – 2019” birinchi xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida bunga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin. Mahobatli bu maskandagi koʻrgazma-yarmarka gʻoyat rang-barang, qiziqarli, turfa stendlarga boy, har bir tomoshabinni shoshirib qoʻyishi bilan diqqatga sazovordir.
 
Koʻrgazma-yarmarka kitob va mutolaani targʻib etish, jahon bosma sanoati tajribasini oʻrganish, nashriyotlar, kitob tarqatuvchilar, axborot-kutubxona maskanlari, kitob-mutolaa masalalariga masʼul tashkilotlar oʻrtasida xalqaro aloqalarni oʻrnatish kabi maqsadlarni koʻzlaydi. Bu yerda yurtimizning nashriyotlari, kutubxonalari, kitob tarqatishga masʼul tashkilotlari bilan birga Buyuk Britaniya, Rossiya, Germaniya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Qirgʻiziston, Turkiya kabi davlatlarning nashriyotlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishish mumkin. Ayni paytda Xitoy, Eron, Indoneziya, Ozarbayjon va boshqa bir qator xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, madaniyat markazlari, maʼrifiy maskanlari tomonidan taqdim etilgan ilmiy-ommabop adabiyotlar, qiziqarli nashrlar bilan tanishish imkoniyati bor.
 
– Toshkentda bunday xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasining birinchi marta tashkil etilayotgani juda ajoyib gʻoya, – dedi Rossiya kitob noshirlari assotsiatsiyasi prezidenti Konstantin Chechenov. – Bu koʻrgazma-yarmarka kitob-noshirlik ishiga masʼul boʻlgan tashkilotlar, nashriyotlar bilan kengroq tanishish, ularning faoliyatini oʻrganish, sohadagi hamkorlikni tobora mustahkam yoʻlga qoʻyishda juda ahamiyatlidir.
 
– Nashriyotimiz asosan Koreyada xorij haqidagi kitoblarni chop etish bilan shugʻullanadi, – dedi “UzKor Ekonomy” nashriyoti vakili Chve Xi Yong. – “Men Oʻzbekistonni yaxshi koʻraman” degan kitobim yaqinda chop etildi. U yurtingizning sayyohlik salohiyati haqida atroflicha hikoya qiladi. Men bu kitobni yozish asnosida oʻtgan yili oʻn marta shu tabarruk diyorga kelib, uni atroflicha oʻrgandim. Bugungi kunda Koreyadan yurtingizga kelishni istagan inson borki, ularning bari shu kitobni dastlab oʻqib, Oʻzbekistonga boʻlgan mehri va ishtiyoqi tobora ortmoqda. Mazkur koʻrgazmada xalqingiz kitobni naqadar eʼzozlashiga yana bir karra ishonch hosil qildim.
 
Qirgʻizistonning “Arkus” nashriyoti maktab taʼlimi uchun oʻquv adabiyotlari, uslubiy qoʻllanmalarni chop etish boʻyicha ixtisoslashgan. Mazkur nashriyot koʻrgazma-yarmarkada yuzdan ortiq oʻquv adabiyoti bilan ishtirok etmoqda.
 
– Oʻzbekiston keyingi uch yil mobaynida ochiq mamlakatga aylandi, – dedi “Arkus” nashriyotining rahbari Ivan Fadin. – Biz mamlakatingizning noshirlik bozorini atroflicha tahlil etib, uni puxta oʻrganmoqchimiz. Nazarimda, yurtingiz poligrafik bozori gʻoyat katta va rang-barang. Aynan bu jihati biz uchun gʻoyat qiziqarlidir.
 
Darhaqiqat, noshirlik, kitob targʻiboti ishining nechogʻli puxta yoʻlga qoʻyilgani ushbu koʻrgazma-yarmarka orqali ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bu yerda mamlakatimizdagi turli nashriyotlarning, kutubxonalarning faoliyatiga batafsilroq nazar tashlash mumkin.
 
– Nashriyotimiz Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boradi, – dedi “Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Sunnat Xoʻjaahmedov. – Kitoblarning sifati, oʻquvchilarning yoshiga mosligi, uning dizayni, boʻyoqlarining bolalar sogʻligʻiga xavf solmasligi kabi jihatlar faoliyatimizning doimiy diqqat markazida.
 
Koʻrgazma-yarmarka ekspozitsiyasidagi yap-yangi kitob savdosi va targʻibotini joylarda amalga oshiruvchi avtobus – bibliobus hech kimni befarq qoldirmayapti. Uni koʻchma kutubxona, deb ham atash mumkin. Bibliobusdagi badiiy, maʼrifiy adabiyotlardan koʻz quvnaydi. “Oʻzdavkitobsavdotaʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati menejeri Ruxsoroy Mahammetovaning aytishicha, joriy yilning aprel oyida ilk safarni Namangan viloyatiga amalga oshirib, yangi-yangi kitoblar targʻib etilgan. Hozirga qadar 110 nashriyotning mingdan ortiq kitobi xalqqa yetkazilgan.
 
Maʼrifiy loyihaning dastlabki taqdimotida “NOVDA Edutainment” kompaniyasining faoliyati, media mahsulotlari, audio kitoblari, jurnallari haqida batasil maʼlumot berildi.
 
Koʻrgazma-yarmarkaning birinchi kunida qiziqarli taqdimotlar, yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar bilan uchrashuvlar, oʻquvchi-yoshlar uchun viktorinalar, ijodiy tanlovlar, badiiy ijodiyot boʻyicha mahorat darslari boʻlib oʻtdi.
 

Nazokat USMONOVA, Aʼlo ABDULLAYEV (surat), OʻzA

Поделиться