O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligi tubdan takomillashtiriladi

2019-10-02 | Ta’lim

Mamlakatimizda Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini yanada oshirish, o‘quvchi-yoshlarda yuksak ma’naviy fazilatlarni kamol toptirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish orqali mustaqil hayotga tayyorlash, intellektual barkamol avlodni tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.

Qarorga muvofiq, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi texnik ijodkorlik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya bo‘yicha “Barkamol avlod” Respublika bolalar markazlari negizida Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablarini tashkil etish belgilandi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmalari huzuridagi axborot-resurs markazlari negizida “Bolalar kutubxonalari” tashkil etiladi.

Bundan tashqari, bolalar turizmini tizimli rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 2020–2023 yillarda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari huzurida 100–200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazalari” tashkil etiladi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, unda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalari bilan birga 2019–2021 yillarda xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, 2020–2024 yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan “Barkamol avlod” bolalar maktablari hamda 2020–2023 yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan “Bolalar kutubxonalari”ning asosiy parametrlari tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, barcha “Barkamol avlod” maktablarida “STEAM – ta’lim” (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – muhandislik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi joriy etilib, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari tashkil etiladi.

“Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarini ijtimoiy holatini yaxshilash, ularning samarali mehnat qilishlari uchun shart-sharoit yaratish maqsadida, 2020 yil 1 yanvardan boshlab direktor va direktor o‘rinbosarlarining ish haqi 1,55 baravarga, to‘garak rahbarlarining ish haqi 1,5 baravarga oshiriladi. Instruktor-uslubchilar va uslubchilar ish haqi to‘garak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtiriladi.

O‘quvchilarni “Barkamol avlod” bolalar maktablariga qamrab olish darajasi (umumta’lim maktablardagi o‘quvchilar soniga nisbatan) 10,5 foizga hamda 2024 yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida robototexnika va injenerlik to‘garaklari ulushi (jami to‘garaklar soniga nisbatan) 10 foizga yetkaziladi. Shuningdek, “Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalari uchun jahon va milliy adabiyoti durdonalariga kiruvchi asarlarning audiokitob shakli yaratiladi.

Поделиться