Namanganda O‘monning “Atyap Investments” kompaniyalar guruhi tomonidan xalqaro standartlashtirish texnologik markazi tashkil etiladi.
Bu haqda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning “Atyap Investments” kompaniyalar guruhiga qarashli “Atyap Foodtech” firmasi bosh direktori Mohib Ahmad bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizning 18 davlatdagi elchilari investorlarni jalb qilish bo‘yicha Namangan viloyatiga biriktirilgani, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy-geografik resurslaridan unumli foydalanish orqali iqtisodiy salohiyatini oshirishda bu muhim ahamiyat kasb etayotgani, shuningdek, O‘mon sultonligi bilan hamkorlikda qator istiqbolli loyihalar ustida ish olib borilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda yirik laboratoriyaga ega bo‘lgan va xalqaro miqyosda tan olingan O‘mon kompaniyasi tomonidan Namanganda xalqaro standartlashtirish texnologik markazini tashkil etish bo‘yicha taklif etilayotgan loyiha muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini jahon standartlari asosida laboratoriyadan o‘tkazish, xalqaro standartlarga moslashtirish va sertifikatlashga ixtisoslashishi ko‘zda tutilgan ushbu texnologik markaz viloyat eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
– Ushbu texnologik markaz nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham xizmat ko‘rsatadi, – deydi M.Ahmad. – Bu yerda mintaqadagi bosh markazni tashkil qilamiz, boshqa hududlarda esa ushbu markazning filiallarini ochamiz. Viloyat qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini jahon standartlariga moslash bilan birga yangi loyihalarni amalga oshiramiz. Jumladan, “Atyap Investments” kompaniyalar guruhi qishloq xo‘jaligi, parrandachilik, oziq-ovqat sanoati sohasida ham Namanganga investitsiya kiritishga tayyor.
Uchrashuvda loyihaning har ikki taraf uchun manfaatli tomonlari muhokama qilindi.
Akromjon SATTOROV, O‘zA