O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-10-02 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk, mustaqil fikrlaydigan, chuqur bilim va zamonaviy dunyoqarashga ega Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan barkamol yosh avlodni tarbiyalash hamda voyaga yetkazish uchun mamlakatimizda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish, respublikamizda jadal surʼatlar bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va boshqa sohalardagi islohotlar ulgʻayib kelayotgan oʻspirin iqtidorini yanada rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yurt ravnaqi yoʻlida ularning faol ishtirokini taʼminlashni bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilamoqda.
Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini yanada oshirish, oʻquvchi-yoshlarda yuksak maʼnaviy fazilatlarni kamol toptirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yoʻnaltirish orqali mustaqil hayotga tayyorlash, intellektual barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3931-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi
“Barkamol avlod” tuman (shahar) bolalar markazlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari huzuridagi axborot-resurs markazlari negizida “Bolalar kutubxonalari”ni;
2020-2023-yillarda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida tizimli ravishda bolalar turizmini rivojlantirish maqsadida “Barkamol avlod” bolalar maktablari huzurida 100-200 oʻrinli “Bolalar sayyohlik bazalari”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilansinki:
“Bolalar kutubxonalari” umumtaʼlim muassasalari kutubxonalariga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish, oʻquvchilarning milliy va jahon bolalar badiiy adabiyotlari durdona asarlariga boʻlgan ehtiyojini aniqlash, ularni kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni (“Yosh kitobxon”, “Kitobxon maktab”, “Eng yaxshi kutubxonachi” va boshqalar) tashkil etishga koʻmaklashish;
“Bolalar sayyohlik bazalari” “Barkamol avlod” bolalar maktablarining “yosh sayyoh”, “yosh ekskursovod”, “yosh oʻlkashunos” toʻgarak aʼzolari uchun oʻlkamiz tarixi, qadimiy va muqaddas qadamjolar, milliy urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va asrash, bolalar oʻrtasida ekologiya hamda sayohat qilish madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining maktabdan tashqari taʼlimni rivojlantirish boʻyicha asosiy vazifalari etib belgilansin:
yosh avlodni maʼnaviy barkamol etib tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishini taʼminlash, bunda ularning sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishini oshirish hamda qizlarni ijtimoiy faol hayotga tayyorlashni tashkillashtirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash orqali bolalarni individual rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va uslubiy materiallarni doimiy takomillashtirib borish;
robototexnika, mexatronika, muhandislik va kompyuter dasturiy taʼminoti yoʻnalishlaridagi toʻgaraklarni doimiy rivojlantirib borish;
bolalar va taʼlim turizmlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;
oʻquvchi-yoshlarning ijodiy ishlarini ommalashtirish, shu jumladan, dunyo bozoriga milliy anʼanalarimiz asosida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining toʻgarak aʼzolari tomonidan yaratilgan mahsulotlarni olib chiqish maqsadida “Art shop” elektron doʻkonlarini tashkil etish va sotuvini yoʻlga qoʻyish;
maktabdan tashqari taʼlim muassasalariga oʻquvchilar qamrovini oshirish, oʻquvchilar qiziqishlariga koʻra toʻgaraklarni tashkil etish va doimiy faoliyat olib borishini taʼminlash;
bolalarda kasbni egallash boʻyicha dastlabki bilim va koʻnikmalarni shakllantirish, tarmoq toʻgaraklari faoliyatini metodik taʼminlash, kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun maktabdan tashqari taʼlim muassasalari faoliyatini zamonaviy taʼlim dasturlari orqali takomillashtirish;
yetakchi tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda “Barkamol avlod” bolalar maktablarida robototexnika va texnik ijodiyot yoʻnalishida foydalanadigan xomashyolar roʻyxatini shakllantirish va yangilab borish;
bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish uchun xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalari asosida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Bolalar texnoparki” loyihalarini tashkil etish;
“Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ning xalqaro hamda respublika tanlovlari gʻoliblarini munosib ragʻbatlantirish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish;
tizimda ilmiy va amaliy tajriba almashish ishlarini olib borish maqsadida xorijiy mamlakatlarda xodimlarning malaka oshirishi hamda maqsadli xizmat safarlarini tashkil etish;
bolalar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, koʻchma kutubxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, bolalar
maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining boʻsh turgan bino va yer maydonlaridan samarali foydalanishni taʼminlash uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maqsadli loyihalarni amalga oshirish.
4. Quyidagilar:
2019-2021-yillarda xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;
2020-2024-yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan “Barkamol avlod” bolalar maktablarining asosiy parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
2020-2023-yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan “Bolalar kutubxonalari”ning asosiy parametrlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
“Barkamol avlod” bolalar maktablarida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab “STEAM – taʼlim” (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – muhandislik, Art – sanʼat, Mathematics – matematika) dasturi joriy etiladi;
eksperiment tariqasida har bir tumanda bitta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida muassasa moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib hamda oʻquvchilar qiziqishiga koʻra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq toʻgaraklari tashkil etiladi;
mazkur qarorning 4-bandida koʻrsatilgan “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, shuningdek, mazkur obyektlarni jihozlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
2020-yil 1-yanvardan boshlab “Barkamol avlod” bolalar maktablarini maxsus asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida “Taʼlim” sohasi uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida va “Barkamol avlod” bolalar maktablarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
200 oʻquvchiga moʻljallangan “Barkamol avlod” bolalar maktablari,
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qurilish-montaj ishlarini bajarishda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatiladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qurilish manzilli dasturini shakllantirishda “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar sayyohlik bazalari”, “Bolalar kutubxonalari”ning aniq soni va roʻyxatini koʻrsatgan holda, ularning yangilarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, zarur xomashyo va inventarlar bilan jihozlash uchun zarur boʻlgan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;
2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan manzilli dasturlarni shakllantirishda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi joylashgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish orqali 200 oʻrinli “Bolalar sayyohlik bazasi” qurilishi hamda zarur xomashyo va inventarlar bilan jihozlash boʻyicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq zarur boʻlgan kapital qoʻyilma limitlari ajratilishini nazarda tutsin.
7. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2024-yillarda Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim tizimini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Barkamol avlod” bolalar maktablarini 2024-yilga qadar 50 foiz oliy maʼlumotli mutaxassislar bilan toʻldirish (jami toʻgarak rahbarlari soniga nisbatan);
oʻquvchilarni “Barkamol avlod” bolalar maktablariga qamrab olish darajasini 10,5 foizga yetkazish (umumtaʼlim maktablaridagi oʻquvchilar soniga nisbatan);
“Barkamol avlod” bolalar maktablarida 2024-yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida robototexnika va muhandislik toʻgaraklari ulushini 10 foizga yetkazish (jami toʻgaraklar soniga nisbatan);
“Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalari uchun milliy va jahon adabiyoti durdonalariga kiruvchi asarlarning audiokitob shaklini yaratish;
barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalarini keng polosali Internet tarmogʻiga ulash.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
ikki oy muddatda “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari” toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlar hamda ularning tuzilmalarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi va “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Barkamol avlod” bolalar maktabi va “Bolalar kutubxonalari”ni namunaviy jihozlash meʼyorini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2020-yil 1-yanvardan boshlab “Barkamol avlod” bolalar maktablarida robototexnika, mexatronika, muhandislik, dasturlash va xorijiy tillarni oʻrganish toʻgaraklarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etish choralarini koʻrsin;
2020-yil 1-sentabrga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi misolida “Barkamol avlod” bolalar maktablari binolariga (shu jumladan koʻrinishiga) hamda ularning oʻquv-uslubiy va taʼlim jarayoniga boʻlgan talablarni oʻz ichiga olgan konsepsiyani ishlab chiqsin va joriy etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim muassasalari xodimlari va toʻgarak rahbarlarini tegishli mutaxassislik yoʻnalishida malaka oshirish tizimini joriy etish maqsadida 2020-yil 1-yanvardan boshlab A.Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Maktabdan tashqari taʼlim tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi (keyingi oʻrinlarda – Kafedra) tashkil etilsin.
Zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida, shu jumladan, masofaviy taʼlim texnologiyalarini qoʻllagan holda ixtisoslashtirilgan toʻgaraklar yoʻnalishlari boʻyicha xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim muassasalari xodimlarini malaka oshirishning va qayta tayyorlashning amaldagi normalariga muvofiq qayta tayyorlash va malakasini oshirish Kafedraning asosiy vazifasi etib belgilansin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
Kafedra faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
Kafedra Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Ahmad Donish koʻchasi, 72-A uy manziliga bepul joylashtiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2020-yil 1-yanvardan:
direktor va direktor oʻrinbosarlari uchun 1,55 baravarga;
toʻgarak rahbari uchun 1,5 baravarga oshirish;
instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq toʻlash tartibini bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshirish va ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini toʻgarak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin;
umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilar qiziqishiga koʻra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq toʻgaraklarini tashkil etish uchun zarur mablagʻlar manbasi yuzasidan taklif kiritsin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
“Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar sayyohlik bazalari” va “Bolalar kutubxonalari”ni yangidan qurish uchun maydonlarni tanlashda tasdiqlangan meʼyor va parametrlarga muvofiq, qoida tariqasida, tuman va shaharlarning markazida, turar joy massivlarida joylashtirilishini hisobga olsin;
2020-2022 yillarda bolalar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida koʻchma kutubxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Toshkent shahar hokimligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda bolalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ular uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha sherik sarmoyadorlar va tadbirkorlarni jalb qilgan holda taʼlim laboratoriyasi, robot dunyosi va turli ijodkorlik yoʻnalishlarini qamrab olgan “Kids makon” biznes loyihasini amalga oshirish choralarini koʻrsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi robototexnika va texnik ijodiyot, badiiy ijodiyot hamda ekologiya va turizm yoʻnalishlari boʻyicha “Barkamol avlod” bolalar maktablarining kasbiy yoʻnalishlariga oid faoliyatini oʻquv-metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlashda amaliy yordam koʻrsatsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, shu jumladan, xomashyolar xarid qilish uchun imtiyozli shartlar asosidagi xorijiy kreditlar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni faollashtirsin.
17. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimovga – ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X.Shermatovga – xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlimni rivojlantirish boʻyicha vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirish, Kafedra faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, sohaga zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy qilish, shu jumladan, yangi toʻgaraklarni tashkil qilish, “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, mazkur maktablarni jihozlash ishlari oʻz muddatlarida amalga oshirilishini taʼminlash va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini keng joriy qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Sakkokiy koʻchasi, 3 a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabini joylashtirish uchun Xalq taʼlimi vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz oʻtkazib berilsin.
19. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi PQ-3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati quyidagi mazmundagi 301-band bilan toʻldirilsin:
“301. Xalq taʼlimi tizimidagi umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari uchun oʻquvchilarning muhandislik, robototexnika, mexatronika va dasturiy taʼminot yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarda foydalanish hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish yuzasidan respublikada ishlab chiqarilmaydigan, xorijdan olib kelinadigan xomashyolar va jihozlar”.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 30-sentabr