O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Vazirlar Mahkamasi faoliyati, vakolat doiralarini belgilovchi qonun qabul qilindi

2019-10-02 | Siyosat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019-yil 30-sentabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Xususan, deputatlar ishni «Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyani (Parij, 2005-yil-20 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasini muhokama qilishdan boshladilar.

Ta’kidlanganidek, hozirgi paytda 145 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan mazkur Konventsiyaning asosiy maqsadi madaniy o‘zlikni namoyon qilishning turli xil shakllarini saqlash va rag‘batlantirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlik, hamfikrlikni mustahkamlash asosida turfa madaniyatlarning erkin muloqoti uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Ayni paytda yurtimizda ushbu Konventsiyaning asosiy qoidalariga har tomonlama mos keladigan ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. An’anaviy “Sharq taronalari” musiqiy festivali, Maqom san’ati xalqaro forumi, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali kabi xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar shular jumlasidandir.

Ushbu Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi xalqimizning uzoq o‘tmishga ega azaliy madaniyatini asrab-avaylash, yanada keng miqyosda targ‘ib etish va rivojlantirish imkoniyatini kengaytirishga ko‘maklashadi.

Majlisda «O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi ham tortishuvlarga boy bo‘ldi.

Qayd etilganidek, qator xorijiy mamlakatlarning jinoyatchilikka doir qonun hujjatlarini o‘rganish mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasini dekriminalizatsiya qilish zururatini keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, milliy qonunchiligimiz tahlili va O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar statistikasi respublikamiz fuqarolari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ma’muriy javobgarlik choralarini differentsiatsiya qilishni taqozo etyapti.

Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga O‘zbekistonda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.  

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi vakolatli davlat organlari tomonidan mazkur toifadagi ishlarning tezkor ko‘rib chiqilishini ta’minlashga, shuningdek, mamlakatimizning turistik salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni to‘la-to‘kis yuritilishiga huquqiy kafolat yaratadi.

Majlisda yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasining muhokamasi qizg‘in kechdi. Loyihada Hukumatning ochiq, shaffof faoliyat yuritishi, uning vakolatlari aniq soha va yo‘nalishlar bo‘yicha belgilab berilmoqda. Bosh vazir tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi hududiy organlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda Hukumatning mavzuli sayyor majlislari o‘tkazilishi nazarda tutilyapti. Shuningdek, Bosh vazir, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, Bosh vazir maslahatchilari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislarining vakolatlari hamda javobgarligi belgilab berilmoqda.

Endilikda Hukumatning jismoniy va yuridik shaxslarning davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan murojaatlari bilan ishlash monitoringini olib borish hamda tahlilini yuritish ham qonun darajasida mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, loyihada Vazirlar Mahkamasining qarorlari va uning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinishi mumkinligiga doir qonun normalarida aniq belgilab berilmoqda.

Deputatlarning fikricha, loyihada bu kabi yangi normalarning aks ettirilishi hokimiyat tarmoqlarining bo‘linish va bir-birini tiyib turish va muvozanatni saqlash printsiplariga muvofiq, Hukumatning o‘z faoliyatini qonuniy, shaffof, demokratik ruhda amalga oshirishini ta’minlashga yordam beradi. Bir paytning o‘zida Hukumatning ochiq va shaffof faoliyat yuritishi, ijro etuvchi hokimiyat faoliyatiga samarali rahbarlikni amalga oshirish, inson huquq-erkinliklari muhofazasi hamda xalq manfaati ustuvorligini ta’minlashning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishida mustahkam huquqiy asos vazifasini o‘taydi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala — veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi. Prezidentimizning 2019-yil 28-martdagi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur loyihaga ko‘ra, veterinariya va chorvachilik sohasining boshqaruv tizimi takomillashgani munosabati bilan uning asosiy vazifalari va funktsiyalari doirasi kengaytirilmoqda.

Parlament a’zolari ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi respublikada naslchilik-selektsiya ishlarini yuritishning ilmiy asoslangan innovatsion uslublarini joriy etish, sermahsul va nasldor mollarni yetishtirish, ko‘paytirish va sun’iy urchitish ishlarini tizimli tashkil etish, chorva mollarining naslini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng deputatlar «Oliy darajali «Do‘stlik» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, loyihada Oliy darajali “Do‘stlik” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar qardosh xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, xalqlar yakdilligiga erishishdagi alohida xizmatlari, har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishdagi sermahsul faoliyati, mintaqalararo kelishuvga erishish, shuningdek, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun mukofotlanishi belgilanmoqda.

Qizg‘in bahs-munozara keltirib chiqargan navbatdagi masala — «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasining maqsadi energetika tarmoqlarida hosil qilinayotgan elektr, issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va boshqa noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohada yanada oqilona foydalanish, energiya resurslari iste’molining samaradorligini va zamonaviy tejamkor texnologiyalarini joriy etish xizmatlarini ko‘rsatishning huquqiy asoslarini takomillashtirishdan iboratdir.

Parlament vakillarining fikricha, ushbu loyihaning qabul qilinishi energiya resurslari xarajatlarini optimallashtirish, energiya resurslari iste’molining samaradorligini tizimli monitoring qilish, iste’moldagi energiya resurslari hajmini kamaytirib, tejash, mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni mustahkamlash, byudjetga tushumlarni ko‘paytirish hamda aholining real daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Majlis kun tartibiga kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Prezidentimizning 201- yil 5-fevraldagi “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Loyiha bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining ta’lim, sport va diniy muassasalardan to‘g‘ri chiziq bo‘yicha ikki yuz metrdan ortiq radiusda joylashgan savdo ob'yektlarida, shuningdek, umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo majmualari (bozorlar), yarmarka pavilonlarida realizatsiya qilishni taqiqlash belgilanmoqda.

Bundan tashqari, respublika hududiga alkogol mahsulotlarini polietilen, polistirol va boshqa polimer materiallardan tayyorlangan polimer iste’mol idishlarida olib kirishga taqiq va javobgarlikni o‘rnatish (pivo va vino mahsulotlari bundan mustasno) ko‘zda tutilyapti.

Amaliyotdan ma’lumki, biror bir korxona, tadbirkorlik sub'yektini tashkil qilib, ochishdan ko‘ra, uni tugatib, yopish ancha mushkul, qiyin ish. Ayni shu sababli ham ko‘plab tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmay, muayyan firmani davlat ro‘yxatidan o‘tkazmay faoliyat yuritishni afzal biladi. Aslida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tugatish jarayonlarining tartib-taomillarini ham yanada soddalashtirish, shaffofligini oshirish orqali korruptsiya bilan bog‘liq omillarning oldini olishga qaratilgandir.

Shu ma’noda, deputatlarning «Tadbirkorlik sub'yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yuzasidan bahs-munozarasi qizg‘in tus olganini tushunish mumkin.

Loyiha bilan tadbirkorlik sub'yektlarini tugatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan deb hisoblash uchun asos bo‘ladigan muddat to‘qqiz oyni tashkil etishi, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan Tadbirkorlik sub'yektlarining Yagona davlat reyestridan uch yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Harakatsiz rejimiga o‘tkazilgan korxonalar faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ularni tadbirkorlik sub'yektlarining Yagona davlat reyestridan chiqaradi. Shundan kelib chiqib, tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tugatish jarayonlarining tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, ochiqlik va shaffofligini oshirishni ta’minlashda muhim huquqiy asos vazifasini o‘taydi.

Majlisda deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Поделиться