O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Barselonada boshlangan xalqaro kongress dunyoning o‘ttiz mingdan ortiq yetakchi onkologlarini bir davraga jamladi
2019-09-30 | Sog‘liqni saqlash
27-sentabr kuni Ispaniyaning Barselona shahrida Yevropa xalqaro onkologiya kongressi o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Aytish joizki, Yevropa xalqaro onkologiya kongressi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro miqyosdagi nufuzli tadbirlardan biridir. Yevropa onkologlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda dunyoning yuzdan oshiq davlatidan 30 ming nafardan ziyod onkolog olimlar, shifokorlar qatnashmoqda.
Xalqaro kongressning ochilishida ta’kidlanganidek, onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy ta’sir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, bunday kasalliklarga chalinish ko‘rsatkichi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Dunyoda har yili 15 millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham 100 mingdan ortiq bemor onkologik kasalliklar bo‘yicha hisobda turadi. Onkologik kasalliklar ichida sut bezi saratoni yetakchi o‘rin egallaydi, keyingi o‘rinlarni me’da, bachadon bo‘yni va o‘pka saratoni qayd etiladi.
Mutaxassislar bu kasallikning tobora ko‘payib va ayniqsa “yosharib” borayotganiga qator omillar sabab bo‘layotganini e’tirof etmoqda. Jumladan, atmosferaning konserogen moddalar bilan o‘tkir ifloslanishi, geni o‘zgartirilgan, jumladan, tabiiy bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari iste’molining ko‘payishi, jismoniy faollikning kamayishi onkologik kasallik yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Onkologik kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi yurak-qon tomir tizimi kasalliklaridan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.
Shu bois, ushbu dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammoga qarshi qurashish nafaqat sog‘liqni saqlash sohasi, balki, butun jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Mazkur xalqaro kongress ayni shu yo‘nalishda ilm-fan va tibbiyot amaliyoti oldida turgan dolzarb vazifalarni atroflicha tahlil etish, jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu dolzarb muammoga qaratish va muammolarning oqilona yechimini topishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham aholining sog‘lom va uzoq umr kechirishiga ta’sir etayotgan bu kasallikni barvaqt aniqlash va davolashning takomillashgan usullarini yaratish, tibbiy skrining ishlarini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filillari faoliyati tubdan takomillashmoqda. Hududlarda bir qator onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining loyihalari amalga oshirilmoqda. Milliy emlash taqvimimizga bachadon bo‘yni saratonining oldini olish maqsadida papilloma virusiga qarshi emlash joriy etilayotir. Xalqaro kongressning ochilishi marosimida Yevropa onkologlar assotsiatsiyasi prezidenti Jozep Tabernero jahon ilm-fani va tibbiyotidagi muhim natijalar qatorida mamlakatimiz tibbiyotida erishilayotgan ana shunday o‘ziga xos yutuqlarni ham alohida e’tirof etdi.
Yevropa xalqaro onkologiya kongressi 1-oktabrga qadar davom etadi.