O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston - Koreya: elektron sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik jadal rivojlanmoqda

2019-09-27 | Sog‘liqni saqlash

Poytaxtimizda sog‘liqni saqlash sohasidagi yirik tadbir - XII xalqaro ixtisoslashgan “UzMedExpo-2019” tibbiyot ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston - Koreya elektron sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda asosiy e’tibor yurtimizda elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga qaratildi.

Darhaqiqat, xalqimiz salomatligini mustahkamlash, barkamol avlodni voyaga yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Hozirda mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish uchun mukammal va zamonaviy sharoitlarni yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Korea Respublikasi bilan mustahkam hamkorlik muhim o‘rin tutadi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi doirasida ko‘plab sohalar qatori sog‘liqni saqlash yo‘nalishi bo‘yicha ham muhim kelishuvlarga erishilgandi. Ayni paytda ushbu kelishuvlar ijrosi doirasida Farg‘ona shahrida rentgen uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxona ish boshladi. Buxoro shahrida Koreya klinikasini tashkil etish ishlari yakunlandi. Koreyaning Seul, Inha universitetlari kabi qator oliy ta’lim muassasalarining tibbiyotga doir dasturlari ishga tushirildi. Toshkent shahrida Koreyaning ko‘p tarmoqli bolalar klinikasini bunyod etish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Koreya tajribasidan foydalangan holda, O‘zbekistonda raqamli tibbiyotni rivojlantirish ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov, Koreya Respublikasi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirligining global sog‘liqni saqlash bo‘yicha bosh direktori Kim Xeseon raqamli tibbiyot sohasida Janubiy Koreya imkoniyatlari va O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishga katta qiziqishi tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash barobarida aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilari sessiyalarga bo‘lingan holda muhokamalarni davom ettirishdi. Birinchi sessiyada O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasida elektron sog‘liqni saqlash sohasidagi siyosat haqida fikr almashildi. Jumladan, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, Koreya Respublikasida elektron sog‘liqni saqlash siyosati va uning ahamiyati, raqamli sog‘liqni saqlash sanoati haqida keng to‘xtalib o‘tildi.

Ikkinchi sessiya esa sog‘liqni saqlashning joriy holati va raqamlashtirish istiqbollariga bag‘ishlandi. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida raqamlashtirish jarayoni, tibbiyot muassasalarida axborot tizimlaridan foydalanish, innovatsion raqamli sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbek-Koreya tajriba modeli batafsil muhokama etildi.

Ma’lumki, 2019 - 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish kontseptsiyasida ham elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish vazifasi alohida belgilab berilgan. Bu boradagi ishlarni sifatli va samarali amalga oshirish esa tibbiyot taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega.

Forum doirasida O‘zbekiston - Koreya sog‘liqni saqlash bo‘yicha harakatlar rejasi imzolandi.

Поделиться