“UzMedExpo – 2019“: zamonaviy tibbiy uskunalar, innovatsion texnologiyalar namoyishi
Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz“ milliy koʻrgazmalar majmuida “UzMedExpo – 2019“ oʻn ikkinchi xalqaro ixtisoslashtirilgan tibbiyot koʻrgazmasi ochildi.
“International Expo Group” kompaniyasi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon“ aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan koʻrgazmada mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Bahodir Nizomov va boshqalar yurtimizda barcha yoʻnalishlarda, xususan, tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlab, sohaga zamonaviy tibbiy uskunalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi.
Anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan mazkur koʻrgazma aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatishni tubdan yaxshilash, sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Bugungi koʻrgazmada tibbiy uskunalar namoyishi bilan qatnashyapmiz, – deydi “Zilolamedical” xususiy korxonasi koordinatori Jahongir Suvonov. – Yetkazib beruvchi korxonalar faoliyatida ham, ishlab chiqaruvchilar uchun ham mazkur ishtirok samarali boʻlyapti. Kelgusi faoliyatimizda faqat dori-darmon va tibbiy uskunalarni yetkazib beribgina qolmay, hamkorlikda mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalarimiz bor.
Belarus, Hindiston, Qozogʻiston, Latviya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya va Oʻzbekiston kabi davlatlarning 70 dan ortiq nufuzli kompaniyalari zamonaviy ishlanmalar, yangi texnologiyalar, davolash va diagnostikaning ilgʻor usullarini namoyish etmoqda. Joriy yilgi koʻrgazmada eksponentlarning 20 foizga, shuningdek, koʻrgazma ekspozitsiyasining avvalgilariga nisbatan 15 foizga ortganligini kuzatish mumkin. Ayniqsa, Janubiy Koreya va Hindiston ekspozitsiyalari alohida ajralib turibdi. Xorijiy eksponentlar koʻrgazma qatnashchilari umumiy sonining 35 foizini tashkil qiladi. Kompaniyalar umumiy sonining 52 foizi doimiy ishtirokchilar hisoblansa, 48 foizi koʻrgazmada ilk marta qatnashayotganlardir. Debyutantlar davolash muassasalarini jihozlash uchun tibbiy uskunalar va texnologiyalarning keng spektrini, farmatsevtika sanoati sohasidagi eng yangi yutuqlarni, turli maqsadlardagi asboblar, apparatlar, profilaktika, diagnostika va kasalliklarni davolashning yangi usullarini namoyish etmoqda.
– Buxoroda Janubiy Koreyaning “Himchan” kasalxonasi filialini tashkil qilmoqchimiz, – deydi “Bukhara Himchan” klinikasi bosh vrachi So Jong Piyel. – Ushbu klinikada koreyalik va oʻzbekistonlik malakali vrachlar birgalikda ishlaydi. Ular guruhlarga boʻlinib, bir oydan ikki oygacha boʻlgan muddatda Koreyadagi kasalxonamizda malaka oshirib keldi, jarrohlik amaliyotlarida qatnashdi. Endi ular noyabrda ochilishi rejalashtirilayotgan Buxorodagi filialimizda faoliyat olib boradi. Klinikamiz bemorlarga sifatli va samarali xizmat koʻrsatish maqsadida zamonaviy tipda barpo etildi, Koreyadan keltirilgan asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Mazkur koʻrgazma kelgusidagi faoliyatimiz xususida ommaga maʼlumot berishda ayni muddao boʻlmoqda.
Koʻrgazma doirasida elektron sogʻliqni saqlash sohasida Oʻzbekiston – Koreya forumi ham tashkil etildi. Unda oʻzaro hamkorlik aloqalari, istiqbollari hamda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish borasida soʻz yuritildi.
Koʻrgazma 27-sentyabrga qadar davom etadi.
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA