O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vaziri Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi
2019-09-26 | Jamiyat
Joriy yilning 25-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletov Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi T. Torlou bilan uchrashdi.
Mazkur tashrif elchining ushbu lavozimga tayinlanishi munosabati bilan tashkil etildi. Tomonlar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
R.Davletov elchi janoblariga vazirlik tuzilmasi, uning asosiy vazifalari, funktsiyalari va faoliyati, mamlakatimizda sud-huquq tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, qo‘shma loyihalarning joriy holati haqida ma’lumot berdi.
Janob elchi adliya vaziriga elchixona bilan o‘rnatilgan sheriklik aloqalari, O‘zbekiston va Britaniya munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik izhor qilib, Adliya vazirligining respublikadagi huquqiy islohotlarning zamonaviy bosqichidagi vazifalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18-sentabr kuni Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlou O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirdi.