O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT vaziri Belarus Respublikasi Aloqa va axborotlashtirish vaziri bilan uchrashdi
2019-09-25 | Texnologiyalar
24-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Vazir Sh. Sodiqovning Belarus Respublikasi Aloqa va axborotlashtirish vaziri K. Shulgan bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 31-iyul — 1-avgust kunlari Belarus davlatiga amalga oshirgan tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidlab o‘tishdi.
AKT vaziri Shuhrat Sodiqov ushbu tashrif natijasida bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasida sezilarli natijalarga erishilganini qayd etdi. Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibida O‘zbek-Belarus qo‘shma axborot texnologiyalari fakulteti tashkil etilib, unga 2019-2020 o‘quv yili uchun 505 nafar talaba qabul qilindi.
Belarus Respublikasi aloqa va axborotlashtirish vazirligi hamda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida AKT sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Hamkorlik doirasida Belarusning yetakchi kompaniyalari bilan dasturiy mahsulotlar sohasida qator natijalarga va muhim kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Belarus Respublikasi Aloqa va axborotlashtirish vaziri K. Shulgan O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi rivojiga qaratilayotgan katta e’tibor va intilishni alohida ta’kidladi. Shuningdek, u ikki mamlakatni birlashtirib turuvchi omillarni sanarkan, Belarus kompaniyalarida O‘zbekiston bozoriga qiziqish tobora ortib borayotganini qayd etdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan, AKT masalalarida tajriba almashish, hamkorlikni kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.