O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekiston va Koreya ishbilarmonlari o'rtasida biznes uchrashuv bo'lib o'tdi
2019-09-25 | Iqtisodiyot
2019-yil 24-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan O'zbekiston-Koreya ishbilarmon doira vakillarining «B2B» formatidagi kooperatsiya birjasi o'tkazildi.
Asosiy maqsad - savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Koreya delegatsiyasi tarkibidan qurilish, sog'liqni saqlash, turizm, logistika va AKT sohasida faoliyat yuritayotgan 50 ta yetakchi kompaniyalar vakillari o'rin olgan.
Delegatsiya vakillari, Koreya O'zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor sifatida ko'rib chiqayotganini va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.
Xususan, O'zbekistondagi iqtisodiy o'sish sur'atlari, biznes aloqalarni rivojlantirish uchun yaxshi asos bo'lib xizmat qilishi e'tirof etildi. Koreya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining tashrifining asosiy vazifalari savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini aniqlash va potensial imkoniyatlarni birgalikda ko'rib chiqishdan iborat ekani qayd etildi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «B2B» kooperatsiya birjasi davomida ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati, investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, savdo, transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha takliflar taqdim etildi.
Muzokaralarda mamlakatimizda faoliyat yurituvchi 100 ga yaqin tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etdi. Unda O'zbekiston-Koreya savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, O'zbekiston va Koreya korxonalari o'rtasida sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish bo'yicha fikr almashish masalalari xam muhokama qilindi.
Tadbir doirasida o'zbek va koreys kompaniyalari o'rtasida shartnomalar va memorandumlar imzolandi.